Aholi bilan bo`ladigan uchrashuvlarda ko`plab kutilmagan hodisalar uchrab turadi. Ammo bunisi boshqalariga sira o`xshamaydi... Yigirma yil davomida hujjatlarda o`g`il bola bo`lib kelgan qizga nihoyat o`zining haqiqiy ismi yozilgan guvohnoma berildi. Bu haqda darakchi.uzga Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasi Axborot xizmati ma`lum qildi.
Bu voqea kecha Dehqonobod tumanidagi Duob va Terakli mahallalarida istiqomat qilayotgan aholi vakillari ishtirokida tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo`limi tomonidan o`tkazilgan sayyor qabulda kuzatilgan.
Kimningdir xatosi, boshqalarning loqaydligi tufayli shu paytga qadar Muqaddam hujjatlarda “Shafoatov Olim” deb yuritilgan. U “Shafoatova Muqaddam Ravshan qizi” deb yozilgan “Tug`ilganlik haqida guvohnoma”sini qo`liga olar ekan, ko`z yoshlarini tiya olmadi. Ko`zlaridan sizib chiqqan har bir tomchi nafaqat yuzini, yillar davomida yuragida qolgan dardlarini, tengdoshlarining “Olim, Olim” deb mazhara qilishlarini, xijolatda o`tkazgan yillari va javobi qiyin savollarning alamlarini yuvayotgandek edi go`yo.
- Bu hududda yiliga ikki marta ana shunday tadbirlar tashkil etiladi, - deydi tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo`limi mudirasi Ozoda Ashurova. - Tuman markazidan qariyb 180 kilometr uzoqlikda joylashgan tog`li hududga faqat bahorning oxiri va yoz faslida borish mumkin. Qolgan vaqtlarda kuchli yomg`irlar va qor avtomashinalar harakatini qiyinlashtirib qo`yadi. Balki shundanmi, o`zining hayot tarzi bilan bog`liq muammolar va masalalar bilan mashg`ul bo`lgan odamlar xat-hujjat ishlariga ko`p-da e`tibor bermaydilar.
Darhaqiqat, qabuldagi murojaatlarning ham hujjatlar bilan bog`liq bo`lganligi shundan.
Sayyor qabulda Ozoda Ashurova bilan birga tuman oila, xotin-qizlar qo`mitasi raisi Mehri Yo`ldosheva va tuman ichki ishlar bo`limi katta inspektori, podpolkovnik Nodira Rajabova ham qatnashdi.
Qabul davomida 17 nafar bolaga tug`ilganligi, 8 ta oilaga esa nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalar topshirildi. Ko`plab fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi. Ajrim yoqasidagi oilalar bilan suhbatlar o`tkazildi.
Albatta, sayyor qabullar odamlarning uzog`ini yaqin, og`irini engil, mushkulini oson qilayapti. Muammolarga echim topishda muhim o`rin tutayapti. Ana shu sa`y-harakatlarning natijasi o`laroq, birgina Dehqonobod tumanining o`zida o`tgan yilning dastlabki to`rt oyi bilan taqqoslaganda, ajrimlar soni 43 tadan 13 taga tushdi.
Kecha sayyor qabulda yana bir oilaga quvonch ulashildi. Turmush qurganiga 4 yil bo`lgan, shar`iy nikoh orqali bir oila bo`lib yashab kelgan kelin-kuyovga nikoh guvohnomasi topshirildi.