Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O`RQ-772-son, 31.05.2022 y.) bilan bir qator qonunchilik hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
“Prokuratura to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, prokuratura organlari xodimlari xizmat qurolini va shaxsiy himoya vositalarini qonunchilikda belgilangan tartibda saqlash, olib yurish hamda ulardan foydalanish huquqiga egaligi belgilandi (ilgari faqatgina olib yurishi mumkinligi ko`rsatilgan).
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga kiritilgan o`zgartishlarga ko`ra, o`qotar ov qurolini, pnevmatik ov qurolini hamda uning o`q-dorilarini haqini to`lash sharti bilan olib qo`yish yoki musodara qilish asosiy tirikchilik manbai ovchilik bo`lgan shaxslarga nisbatan qo`llanilishi mumkin emasligi belgilandi.
Ov qilish va baliq ovlash, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlik kuchaytirildi.
Shu bilan birga, “Qurol to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, O`zbekiston hududida fuqaroviy qurol va uning o`q-dorilarini hadya etish taqiqlandi.
️Fuqarolar va maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslarning xodimlari qurolga egalik qilishga qarshi ko`rsatmalar mavjud emasligi yuzasidan davriy tibbiy tekshiruvdan o`tkaziladi.
Qonun bilan shuningdek, xizmat quroliga hamda fuqaroviy qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar ro`yxatlari belgilandi.






