Bu haqda darakchi.uz'ga Samarqand viloyat Adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`yicha maslahatchisi Mansur Hasanov ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, Urgut tuman Yuridik xizmat ko`rsatish markazi hozirgi kunda 12 ta davlat organi va tashkilotiga yuridik xizmat ko`rsatib keladi. Ya`ni ular tomonidan taqdim qilingan yuridik tusdagi hujjatlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini huquqiy ekspertizadan o`tkazib, tegishli tartibda huquqiy xulosalar beradi.
Markaz rahbari Ma`mur Jumanovning ta`kidlashicha, joriy yilning 30 may holatiga davlat tashkilotlari tomonidan Markazga jami 4065 ta hujjatlar, ya`ni 2775 ta buyruq va 1260 ta shartnoma taqdim qilingan. Shundan, 501 holatda taqdim etilgan hujjatlarda xato-kamchiliklar bo`lganligi sababli rad etilib, davlat tashkilotiga qaytarilgan hamda qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan holda huquqiy hulosalar berilgan. 59 holatda taqdim qilingan hujjatlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo`lmaganligi sababli ularga salbiy hulosalar berilgan.
Masalan, Urgut tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 2021 yil 21 dekabr kuni patronaj hamshira Sh.Sattorovaga 2021 yil 17 dekabr tug`ilgan farzandi Sh.Dustmurodovning ikki yoshga to`lgunga qadar O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasiga asosan 2021 yilning 15 dekabridan ikki yillik bola parvarishlash ta`tili berish bo`yicha buyruq loyihasi huquqiy ekspertiza xulosasi olish uchun Markazga taqdim qilingan. O`rganish davomida birlashmaning patronaj hamshirasi Sattorova Shahlo Utkir qizi ayni vaqtda homiladorlik va tug`ish ta`tilida bo`lganligi aniqlangan.
Vaholanki, O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasiga binoan, homiladorlik va tug`ish ta`tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko`ra, unga bolasi ikki yoshga to`lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta`til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to`lanadi. Urgut tuman tibbiyot birlashmasi patronaj hamshirasining homiladorlik va tug`ish ta`tili muddati 2022 yil 10 fevralda tugallanishi sababli, mazkur buyruq loyihasiga qonun hujjatiga muvofiq emas, deb xulosa berilgan.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining 2021 yil 27 apreldagi 210-k-sonli buyrug`iga asosan Urgut tuman xalq ta`limi bo`limining Ma`naviy-axloqiy tarbiya va ta`lim muassasalari faoliyatini tashkil etish sho`basi rahbari Sh.Saitqulovga Urgut tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri vazifasini vaqtincha bajarish yuklatilgan. Adliya vazirligi tomonidan 1995 yil 20 sentyabrda 177-son bilan davlat ro`yxatidan o`tkazilgan “Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy rag`batlantirish maxsus fondi to`g`risida”gi Nizomning 3.2-bandida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarini moddiy rag`batlantirish yuqori turuvchi organning qarori (buyrug`i) bilan amalga oshirilishi alohida belgilangan.
Urgut tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan huquqiy ekspertizadan o`tkazishga taqdim etilgan buyruq loyihasida esa shu yilning 1 fevralida bo`limning Ma`naviy-axloqiy tarbiya va ta`lim muassasalari faoliyatini tashkil etish sho``basi rahbari Sh.Saitqulovni bir oylik maosh miqdorida moddiy rag`batlantirish qayd qilingan. Buyruq loyihasi ushbu Nizom talablariga muvofiq bo`lmaganligi sababli, qonunchilik hujjatiga muvofiq emas, deb topilgan.
Yuridik xizmat ko`rsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida ushbu tashkilotlar bilan xamkorlikda o`quv seminarlari, davra suhbatlari tashkil qilinmoqda.






