Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Andijon shahrida o`tkazilgan tezkor tadbir natijasida Qirg`iziston Respublikasidan noqonuniy olib kelingan kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini sotish bilan shug`ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Olingan ma`lumotlarga ko`ra, 1988 va 1991 yillarda tug`ilgan, muqaddam sudlangan aka-uka tomonidan 2 nafar qarindoshlarini jalb etgan holda, kishiga vaqtinchalik sarxushlik bag`ishlaydigan kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarining barqaror savdosi yo`lga qo`yilgan.
Dastlab, viloyat markazidagi «Navoiy» shox ko`chasida o`tkazilgan tezkor tadbirda 1997 y.t., muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi «Neksiya-3» rusumli avtomashina to`xtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 70 dona «Tropikamid» kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.
So`ngra uning ko`rsatmasi asosida jinoiy guruhning boshqa bir a`zosi - muqaddam 3 marotaba sudlangan, 1983 y.t. ayolning yashash xonadonidan tarkibida psixotrop moddalar turkumiga kiruvchi «trigeksifenidil gidroxlorid» moddasi bo`lgan 75 dona «Siklodol» dori vositasi, shuningdek, 1715 dona «Regapen», 211 dona «Tropikamid», 200 dona «Zardeks», 185 dona «Lirika» kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda hujjatlashtirilib olindi.
Bundan tashqari, jinoiy guruh etakchilari bo`lgan aka-ukaning mahalliy aholi orasida elektroset ko`chasi deya ataluvchi - A.Haydarov ko`chasida joylashgan yashash xonadonlarida va shaharning Amir Temur ko`chasida joylashgan ularga tegishli «XXX» tungi klubida va avtomashinalar yuvish shahobchasida ham tintuv-tergov harakatlari o`tkazildi.
Natijada, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan umumiy qiymati 103 mln. so`mlik 3000 dona «Tropikamid», «Regapen» «Lirika» nomli kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari, «bita» tayoqlari, o`tkir tig`li jismlar, aloqa vositalari, katta miqdordagi pul mablag`lari, hisob-kitob daftarlari, garov sifatida qoldirib ketilgan haydovchilik guvohnomasi, diplom, nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma, fuqarolik pasportlari aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.
Bundan tashqari, DXX xodimlari tomonidan kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari savdosiga qarshi o`tkazilgan boshqa bir tezkor tadbirda esa Andijon shahrida yashovchi, 1986 y.t. fuqaro boshqaruvidagi «Cobalt» avtomashinasi shaharning Do`stlik MFY hududida to`xtatilib tekshirilganda, unda 2296 dona «Lirika», 1598 dona «Tropikamid» va 337 dona «Regapen» dori vositalari borligi aniqlanib, o`rnatilgan tartibda olib qo`yildi.
Bu kabi tadbirlardan yana biri Oltinko`l tumanida o`tkazilib, unda «Namangan – Andijon» yo`nalishida harakatlanib kelayotgan «Lasetti» avtomashinasida 4032 dona «Regapen» hamda 971 dona «Tropikamid» kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Ma`lum bo`lishicha, Oltinko`l tumanida yashovchi, 1984 y.t. va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 y.t. 2 nafar fuqaro ushbu dori vositalarini Andijon shahrida sotishni rejalashtirgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






