Qirg`izistonning Qora-suv tumanidagi “Do`stuk” nazorat-o`tkazish punktida qirg`iz chegarachilari sun`iy navbatlar yaratmoqda. Bu haqda deputat Alisher Qozuev parlament yig`ilishida ma`lum qildi, deya yozmoqda "24.kg".
Unga ko`ra, Chegara xizmatining ayrim xodimlari fuqarolardan pul talab qilmoqda.
“O`zbekistondan Qirg`izistonga o`tishda hech qanday navbat yo`q. Bizning chegarachilar esa sun`iy ravishda navbatlarni paydo qilib, O`zbekiston fuqarolariga turli to`sqinliklarni yaratishmoqda. Bizda 15 ta nazorat punkti mavjud. Fuqarolarimiz O`zbekistonga sayohat qilib, turizmini rivojlantirmoqda. Andijondan Toshkentga yo`lda oddiy fuqarolardan tortib yo`l polisiyasi xodimlarigacha odobli, salom-alik qiladi. Bir kunda faqat bitta post orqali 10 mingdan ortiq odam o`tadi. Maksimal yo`l haqi 200 som bo`lishi mumkin bo`lgan joylarda ular 2 mingdan 5 ming somgacha talab qiladi. Bunga qarash uyat”, - deydi Alisher Qozuev.
Qirg`iziston Chegara xizmati deputatning bu bayonotiga javoban, chegarachilar tomonidan O`zbekiston fuqarolaridan pul ta`ma qilish holatlari aniqlanmaganini bildirdi.






