Hukumat qarori (297-son, 01.06.2022 y.) bilan “IT-Park University” raqamli universiteti tashkil qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Universitet mas`uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta`lim tashkiloti hisoblanadi.
Universitetda axborot-kommunikasiya texnologiyalari, dasturiy ta`minotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish sohalari bo`yicha oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlanadi.
Ta`lim faoliyati 2022/2023 o`quv yilidan boshlanadi va talabalarni o`qitish to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Ta`lim jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.
Universitetda o`qitish masofaviy ta`lim shaklida olib boriladi, shuningdek, qonunchilikka muvofiq boshqa ta`lim shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Bitiruvchilarga O`zbekistonda oliy ta`lim to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.






