AsosiyJamiyat

Tojikistonda qurilayotgan ''Ro`g`un'' GESning O`zbekistonga qanday foydali tomonlari bor?

'Tojikistonda qurilayotgan ''Ro`g`un'' GESning O`zbekistonga qanday foydali tomonlari bor?'ning rasmi

Poytaxt Dushanbe infrastrukturasini rivojlantirish, barqaror energiya bilan ta`minlash maqsadida Dushanbedan 100 km. sharqda "Ro`g`un" GES qurish fikri sobiq sovet davri 1974 yillarga borib taqaladi. Bu yirik loyiha Gosstroy SSSR tomonidan tasdiqlangan, 1976 yilda to`g`on qurilishi boshlangan.

Vaxsh daryosining tor tog` darasidan o`tgan qismini ''bo`g`ish'' orqali baland to`g`onli suv ombor qurish, pirovardida GES agregatlarini joylashtirish va ulardan ko`p elektr quvvat olish loyihasi allaqachon bor edi. Bu kecha yoki o`ttiz yil oldin paydo bo`lgan g`oya emas.

Ammo bu yirik to`g`on qurilishi turli sabablar bilan doim ortga surilgan. Bahaybat to`g`on salkam 335 metr balandlikka ega va bu to`g`on to`liq loyihasini ishlab chiqish ham katta mas`uliyat talab etardi. Uning loyihasini kim ishlab chiqadi?

Yillar o`tib, 2018 yildan to`g`on qurilishi qayta jadallashdi, 2018 yilda dastlabki agregat, 2019 yilda esa keyingisi ishchi holatga tayyor bo`ldi va hozirda tok ishlab chiqarmoqda.

Ko`pchilik o`zbekistonliklar uchun ''Ro`g`un'' GES qurilishi go`yoki xatarli, to`g`on yorilib ketsa, suv toshqini bilan bog`liq halokatli hodisa yuz beradi va bu Amudaryo havzasida yashaydigan mintaqa aholisi uchun potensial xavf tug`diradi. Yana bir xavotir Vaxshning ''bo`g`ilishi'' Amudaryoda suv oqimini mavsumlar kesimini o`zgartirib yuboradi. Qishda ko`p, yozda esa kam suv oqib o`tishiga olib keladi. Bu yomon.

Ammo Amudaryoda suv oqimini mavsumlar kesimida barqaror ushlab turish, deyarli bir xil oqimni ta`minlash mumkin, bu O`zbekiston mas`ullariga bog`liq.

Birinchidan, ''Ro`g`un'' GES ortidan mintaqada biz arzon elektr energiyasiga ega bo`lamiz, tojik tomon bilan yoz oylarida ham muntazam katta quvvatda energiya etkazib berish yo`lga qo`yilsa, ''Ro`g`un'' GESning yuqori quvvatda ishlashi hisobiga biz ko`mir va gaz bilan ishlaydigan yirik IESlarimizga ''dam'' berishimiz mumkin. Bu gaz va ko`mirni iqtisod qilishimizga, uni boshqa sektorga yo`naltirishimizga undaydi. Axir ''Ro`g`un'' GES yillik quvvati mintaqadagi qudratli ''Sirdaryo'' GRES quvvatini beradi.

Ikkinchidan, IESlarda gaz va ko`mir yoqishni iqtisod qilish, iqlim o`zgarishi yo`nalishidagi ''Parij'' iqlim bitimi shartlari, ''yashil iqtisodiyot'' tamoyillariga to`liq amal qilinishga olib keladi. IESlar ming-minglab tonna iflos moddalarni havoga chiqaradi va IESlarga ''dam berish'' havoni iflos moddalar bilan zaharlantirishni cheklaydi.

Uchinchidan, Vaxsh daryosida yozda ham suv oqimi biroz barqarorlashishiga erishiladi. Bu Amudaryoda yozda suv kamayib ketishining oldini oladi. ''Ro`g`un'' GESning katta quvvatda ishlashi har bir agregatni ishchi holatda ushlab turishni taqozo etadi. Bu suv omboridan ko`p miqdorda suv tashlash hisobiga amalga oshadi. Bu harakatlar Amudaryoda oylar kesimida suv oqimining biroz barqaror bo`lishini ta`minlaydi. Bo`lmasam yozda Ro`g`un GES agregatlari dam olib, suv omborda suv to`plashga kuch berish kuzatiladi. Bunda Amudaryo asosiy tomiri Vaxshda vegetasiyada kamsuvlilik hosil bo`ladi. Bu Amudaryo oqimiga sezilarli ta`sir ko`rsatadi.

Darvoqe, iqlim isishi kelajakda yozda Vaxsh daryo havzasidagi muzliklar erishini tezlashtiradi, bu erishlar suv omboriga qishda suv zaxira qilish uchun ham, undan yozda ''yaxshigina'' suv oqimini qo`yib yuborish uchun ham etarli bo`ladi.

Kishilarda ''Ro`g`un'' GES to`g`oni yorilib ketishidan hadiksirash, qo`rquv bor, ammo bunday to`g`onga ega bir nechta suv omborlar Tojikistonda 40-60 yildan beri ishlab yotibdi. Asli xavf o`shalarda emasmi, balki ular eskirgan va ta`mirlashga muhtoj bo`lgandir.

Xulosa o`rnida, mas`ullar tojik mas`ullari bilan puxta kelushuvga erishishi, yoz oylarida yuqori quvvatda tok etkazib berishni yo`lga qo`yishi vaziyatni yumshatadi. Tojik tomon esa hozirgi holatda yana 20-30 yil GESlardan olinadigan elektr tokini qo`shnilarga sotish salohiyatiga ega bo`laveradi. Demak, ular tok esporti uchun tayyor.

Boshqa yangiliklar