AsosiyJamiyat

Sardor Umurzakov 19 nafar hokim o`rinbosariga xayfsan berdi, ikki nafarini ishdan oldi, yana uch o`rinbosarga esa...

'Sardor Umurzakov 19 nafar hokim o`rinbosariga xayfsan berdi, ikki nafarini ishdan oldi, yana uch o`rinbosarga esa...'ning rasmi

Bosh vazri o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida videokonferensiya tarzida mamlakatning investisiyaviy va tashqi savdo faoliyatining joriy ko`rsatkichlari hamda ularni oshirish bo`yicha navbatdagi chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Bu haqda Vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. 

Yig`ilishda joriy yilning birinchi 5 oyi yakunlari bo`yicha o`zlashtirilgan xorijiy investisiyalar hajmi o`tgan yilning shu davridagi ko`rsatkichlardan 42 foizga oshgani ma`lum qilindi. Shu bilan birga, o`tkazilgan tahlil ayrim tarmoq va hududlarda investisiya loyihalarini hayotga joriy etish bilan bog`liq bir qator muammolar mavjudligini ko`rsatdi. Amalga oshirilayotgan loyihalarni inventarizasiya qilish, yuzaga kelayotgan masalalarni o`z vaqtida hal etish bo`yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda mas`ul ijrochilarni belgilash bo`yicha topshiriqlar berildi.

Xuddi shu tartibda, tashqi savdo ko`rsatkichlari ham ko`rib chiqildi. Joriy yilning 1 iyun holatiga ko`ra, respublika eksportining hajmi o`tgan yilning shu davridagi ko`rsatkichlardan 21 foizga oshdi. Tarmoqlar va hududlar kesimida eksport qilishning hozirgi holati muhokama qilinib, mahalliy tadbirkorlarning eksport faoliyati bilan bog`liq yuzaga kelayotgan muammolarga mutasaddi vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarning tezkor javob berishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda eksportchilarning faoliyatida va eksportga etkazib berish hajmini oshirish bo`yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda samarali qo`llab-quvvatlashni nazarda tutgan holda ular bilan ishlarni faollashtirish vazifasi qo`yildi.

Yig`ilish yakunlari bo`yicha eksportchi va investorlarni qo`llab-quvvatlashda yo`l qo`yilgan qoloqlik va kamchiliklar uchun intizomiy choralar ko`rildi. Xususan, Bo`zatov tumani va Zarafshon shahri hokimlarining investisiyalar va tashqi savdo masalalari bo`yicha o`rinbosarlari o`z lavozimlaridan ozod etildi.

Investisiya loyihalari tashabbuskorlarini o`z vaqtida qo`llab-quvvatlamagani natijasida 32 ta investisiya loyihasi muddatida ishga tushirilmaganligi hamda 395 ta yangi ish o`rinlari kechiktirib yaratilganligi uchun 19 nafar hokim o`rinbosariga xayfsan e`lon qilindi.

Bundan tashqari, Shumanay, Chortoq va Konimeh tumanlari hokimlarining investisiyalar va tashqi savdo masalalari bo`yicha o`rinbosarlariga ishda yo`l qo`yilgan kamchiliklarni tuzatish uchun 3 oylik sinov muddati belgilandi.

Qo`yilgan vazifalarni sifatli va o`z vaqtida bajarish yuzasidan qo`shimcha ko`rsatmalar berildi. Mas`ul rahbarlar eksportyor va investorlarni o`z vaqtida qo`llab-quvvatlash bo`yicha olib borilayotgan ishlarining samaradorligi uchun shaxsan javobgar ekanligi to`g`risida ogohlantirildi.

    Boshqa yangiliklar