AsosiyJamiyat

Prezident maktablari bitiruvchilariga OTMda o`qish uchun subsidiya beriladi

'Prezident maktablari bitiruvchilariga OTMda o`qish uchun subsidiya beriladi'ning rasmi

“Yangi O`zbekiston” universitetining bakalavriat ta`lim yo`nalishlari bo`yicha kunduzgi ta`lim shaklida tahsil oladigan talabgorlar uchun davlat granti ajratiladi. Bu haqda O`zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Yangi O`zbekiston” universitetining iqtidorli talabalariga davlat grantini berish tartibi to`g`risidagi nizomda belgilandi.

Davlat granti quyidagilarga taqdim etiladi:

•    xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;

•    Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;

•    Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o`tgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) g`oliblariga;

•    Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to`plagan O`zbekiston fuqarolariga;

•    Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o`tgan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan oilalar farzandlariga.

Davlat grantini olgan talabalar Universitetni tamomlagach Prezident ta`lim muassasalari agentligi yo`llanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi bo`yicha respublikadagi tashkilotlarda 5 yilgacha ishlab berish majburiyatini oladi.

Shuningdek qaror bilan, O`zbekistondagi xorijiy oliy ta`lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta`lim tashkilotlariga to`lov-kontrakt asosida o`qishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya berish tartibi belgilandi. 

Bunda Prezident maktablari bitiruvchilariga to`lov-kontrakt summasining BHMning 100 baravarigacha qismi qoplab beriladi. 

Talabgorlar o`quv yilining 15 dekabrigacha Agentlikka ariza bilan murojaat qiladi (o`qishga qabul qilinganlik to`g`risidagi ma`lumotnoma va to`lov-kontrakt shartnomasi ilova qilinadi).

Subsidiya olgan talabalar Universitetni tamomlagach Agentlik yo`llanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi bo`yicha respublikadagi tashkilotlarda 5 yilgacha ishlab berish majburiyatini oladi. 

Magistratura yoki doktoranturada o`qish davom ettirilgan taqdirda, ushbu muddat magistratura yoki doktoranturada o`qish davri tugagandan so`ng boshlanadi.

    Boshqa yangiliklar