Fuqaro B.R aprel oyida 443 ta 1,8 mlrd so`mlik cheklarni ro`yxatdan o`tkazib 18 183 656 so`m keshbek to`plagan. Shundan, 1,6 mlrd so`mlik 152 ta cheklar "AA" korxonasidan olingan bo`lib, ularga 16 485 000 so`mlik keshbek hisoblangan. Bu haqda Soliq qo`mitasi xabar berdi.
Buni qarangki, o`rganish natijasida ushbu fuqaro "AA" korxonasida kassir lavozimida ishlashi ma`lum bo`ldi va ro`yxatdan o`tkazilgan cheklar shubhali bo`lgani sababli hisoblangan 16 485 000 so`mlik keshbek summalari bekor qilindi.
Ma`lumot uchun: Vazirlar Mahkamasining joriy yil 12-maydagi 255-sonli qaroriga muvofiq, Davlat soliq qo`mitasi onlayn nazorat kassa texnikasi chekini soliq organlarining mobil ilovasida ro`yxatdan o`tkazgan jismoniy shaxsdan uning haqiqiy xaridlari to`g`risidagi tasdig`ini so`rab olishga, xarid haqiqatda ushbu jismoniy shaxs tomonidan amalga oshirganligi shubhali bo`lgan taqdirda tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismini qaytarishni rad etish to`g`risida qaror qabul qilishga haqli.






