Prezident Shavkat Mirziyoev va Prezident Emomali Rahmon Xiva gilam kombinatida bo`ldi.
Umumiy qiymati qariyb 22 million dollar bo`lgan ushbu korxona Samarqanddagi “Sam-Antep-Gilam” kompaniyasi tomonidan 2020 yilda tashkil etilgan, o`tgan yili loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilgan. Kombinatga Germaniya, Belgiya, Avstriya, Shveysariya, Italiya, Fransiya va Turkiyadan uskunalar keltirib o`rnatilgan. 420 ta ish o`rni yaratilgan.
Bu erda gilam, polipropilen ip va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Ular AQSh, Rossiya, Xitoy, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston va Tojikistonga eksport qilinmoqda.
Bu yil uchinchi bosqich - akril tolasidan kalava tayyorlash loyihasi amalga oshirildi. Natijada ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,2 million kvadrat metrga etdi. Mahsulotning 45 foizi chet elga sotilishi, yillik eksport 7 million dollardan oshishi kutilmoqda.
Prezidentlar korxonadagi ishlab chiqarish jarayonini va shou-rumni ko`zdan kechirdi.
Shu erda O`zbekiston sanoat mahsulotlari ham namoyish etildi. Turdosh tarmoqlar mutasaddilariga tajriba almashish, savdoni rivojlantirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi






