31 may – 2 iyun kunlari Singapurda musulmon dunyosi turizm bozorini tiklash va rivojlantirishga bag`ishlangan “Halal In Travel – Global Summit 2022” xalqaro sammiti bo`lib o`tdi.
Sammit doirasida Samarqand shahri “Yilning islom merosi manzili” va “Yilning eng yaxshi rivojlanayotgan musulmon shahri” mukofoti g`olibi bo`ldi.
Turizm va madaniy meros vazirligi bu haqda xabar bermoqda. Ma`lum bo`lishicha, tadbirda Bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimov ham onlayn formatda ishtirok etib, so`zga chiqqan.
“O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan turizm segmentiga, xususan, ziyorat turizmiga qaratilayotgan alohida e`tibor samarasida O`zbekiston jahon musulmon turizmi bozorida muhim o`rinni egalladi. Rivojlanayotgan yosh sayyohlik yo`nalishi bilan O`zbekiston ham sayyohlarga, ham tahsil olmoqchi bo`lganlarga ko`plab imkoniyatlar va qiziqarli lahzalarni taqdim eta oladi”, - deydi Abduhakimov.
Ta`kidlanishicha, ushbu reytingni ishlab chiqishda mamlakatning sayyohlar uchun ochiqlik siyosati, musulmon turistlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, targ`ibot va marketing, islom mereosini sayyohlarga etkazish darajasi kabi qirqdan ortiq mezon hisobga olingan.
CrescentRating tashkiloti rahbari Fazal Bahardin bu yilgi ko`rsatkichlarga alohida to`xtalib, O`zbekistonni reytingda eng tez ko`tarilgan va boshqalarga o`rnak bo`layotgan davlat sifatida e`tirof etgan.






