AsosiyJamiyat

Tibbiyot xodimining ishiga aralashganlik uchun jazo tayinlanadi

'Tibbiyot xodimining ishiga aralashganlik uchun jazo tayinlanadi'ning rasmi

O`zbekistonda tibbiyot xodimi faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu bo`yicha “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihaga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi tibbiyot xodimining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, ya`ni tibbiyot xodimining tibbiy yordam yoki tibbiy xizmat ko`rsatishiga to`sqinlik qilganlik, xuddi shuningdek tibbiyot xodimining tibbiy yordam yoki tibbiy xizmat ko`rsatishiga to`sqinlik qilish maqsadida unga noqonuniy topshiriqlar berganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi modda bilan to`ldirilmoqda.

Mazkur modda bilan ayblanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olish belgilanmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga bezorilik jinoyatini o`z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilishi, shu jumladan, tibbiyot xodimlariga bezorilik oqibatida tajovuz qilganlik uchun javobgarlikni og`irlashtirilishini nazarda tutuvchi o`zgartish kiritilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi shifokorlik kasbining maqomi va nufuzini oshirish, ularni ijtimoiy-huquqiy himoyasini yanada kuchaytirishga, xususan davlat tomonidan tibbiyot xodimlarini turli tajovuzlardan himoya qilinishini ta`minlashga, fuqarolarga o`z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko`rsatilishiga, tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarni oldini olishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar