AsosiyJamiyat

Sug`urta xizmatlarini ko`rsatuvchi ayrim kompaniyalar lisenziyasi to`xtatildi

'Sug`urta xizmatlarini ko`rsatuvchi ayrim kompaniyalar lisenziyasi to`xtatildi'ning rasmi

Sug`urta bozorini rivojlantirish agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga asosan, lisenziya talablari va shartlari buzilish holatlari aniqlanganligi sababli, “SEMURG SUG‘URTA” AJ QKning 2022 yil 25 fevraldagi SF 00039-sonli, “ISHONCH SUG‘URTA KOMPANIYASI” AJ QKning 2022 yil 25 fevraldagi SF 00045-sonli, “KAFOLAT sug‘urta kompaniyasi” AJning 2017 yil 11 dekabrdagi SF 00222-sonli hamda “XALQ SUG‘URTA” AJning 2022 yil 25 fevraldagi SF 00054-sonli lisenziyalarining amal qilish muddati 2022 yil 3 iyun sanasidan boshlab o`n kun muddatga to`xtatilgan.

Qayd etilishicha, ushbu davr mobaynida sug`urtalovchiga yangi sug`urta (qayta sug`urta) shartnomalarini tuzish, shu jumladan, amaldagi sug`urta (qayta sug`urta) shartnomalarini uzaytirish taqiqlanadi. Ilgari tuzilgan sug`urta (qayta sug`urta) shartnomalari bo`yicha esa o`z zimmasiga olgan majburiyatlarini belgilangan tartibda bajarishi shart.

Sug`urta tashkilotlari tomonidan ular faoliyatidagi qonunchilik talablarining buzilishi holatlari bartaraf etilganligini asoslovchi hujjatlar ushbu muddat ichida O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug`urta bozorini rivojlantirish agentligiga taqdim etilishi lozim.

Aks holda, ushbu sug`urta tashkilotlariga nisbatan sug`urta faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziyalarining amal qilishini qonunchilikda belgilangan tartibda o`n kundan ortiq, lekin olti oydan ko`p bo`lmagan muddatga to`xtatish choralari ko`rilishi aytib o`tilgan agentlik xabarida.

    Boshqa yangiliklar