“Davlat sport-ta`lim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Qarori (PQ–268-son, 06.06.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, quyidagilar tashkil etildi:
- Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi 279 ta bolalar-o`smirlar sport maktablari va ularning filiallari negizida 254 tasport maktabi;
- Vazirlik tasarrufidagi 56 ta ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar sport maktablari negizida 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi.
Sport maktablariga 4 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan bolalar va yoshlar qabul qilinadi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o`tkazilgan ommaviy sport musobaqalari g`olib va sovrindorlari, shuningdek, 4-6 yoshli bolalar sport turlaridan kelib chiqib dastlab sport maktabining sport-sog`lomlashtirish guruhida olimpiya sport turlari yoki milliy kurash bo`yicha 8 oygacha bepul shug`ullanadi.
Sport maktabining sport-sog`lomlashtirish va boshlang`ich tayyorgarlik guruhlarida tayyorgarlikdan o`tgan, professional sportga salohiyati bor o`quvchilari ixtisoslashtirilgan sport maktabining tegishli yo`nalishiga(sportning o`yin turlari va engil atletika, suv sporti turlari, yakka kurash va gimnastika) o`qishga qabul qilinadi.
2022/2023 o`quv yilidan:
- aholisi 200 mingdan yuqori bo`lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 20 ta olimpiya sport turlari;
- aholisi 150 mingdan 200 minggacha bo`lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 15 ta olimpiya sport turlari;
- aholisi150 minggacha bo`lgan tuman (shahar)lardagi sport maktablarida kamida 10 ta olimpiya sport turlari bo`yicha sportchilar tayyorlanadi.
Sport maktablari kontingenti faqat Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o`yinlari dasturiga kiritilgan (bundan milliy kurash hamda alohida Hukumat qarorlari bilan belgilangan sport turlari mustasno)sport turlari bo`yicha shakllantiriladi.
Sport maktablari trenerlariga noolimpiya sport turlari bo`yicha, shuningdek, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi bo`yicha sport sinovlaridan keyingi bosqichlarga o`ta olmagan o`quvchilar uchun olimpiya sport turlari bo`yicha pullik asosda to`garaklartashkil etishga ruxsat beriladi.
Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalarning farzandlariga sport maktablarida mashg`ulotlar bepul o`tkaziladi.
Qaror bilan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etildi.
Mazkur markazlarda o`qish jarayoni 2 ta bosqichda amalga oshiriladi:
- birinchi bosqichda 5–11-sinflar uchun Olimpiya maktablari;
- ikkinchi bosqichda 1–2-kurslar uchun Olimpiya va Paralimpiya kollejlari faoliyat ko`rsatadi.
Shuningdek, Sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi sport maktablari trenerlarining bazaviy tarif stavkalari 2022 yil 1 sentyabrdan o`rtacha 1,35 baravarga oshiriladi.
2023 yil 1 yanvardan O`zbekiston chempionatlari va kuboklari musobaqalari sport turlari xususiyatlariga muvofiq, sport federasiya (assosiasiya)lari tomonidan, xalqaro sport tashkilotlarining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari (kichik o`smirlar, o`smirlar, yoshlar, U-23 va kattalar) o`rtasida yilda bir marta o`tkaziladi, bunda musobaqalarni tug`ilgan yillar kesimida o`tkazilishiga yo`l qo`yilmaydi.
2023 yildan har yili qo`shimcha ravishda:
- sport maktablarining tibbiyot xonalarini zamonaviy asbob-uskunalar, dori-darmon va tiklanish vositalari bilan jihozlashga – 10 milliardso`m;
- sport maktablari uchun zamonaviy o`quv adabiyotlarini chop etish va xarid qilishga – 2 milliardso`m;
- viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etadigan sport maktablari shug`ullanuvchilarini (terma jamoalarini) maxsus sport kiyimlari (ekipirovkalar) bilan ta`minlashga – 23 milliard so`m ajratiladi.
2022/2023 o`quv yilidan Toshkent viloyati gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyati yo`lga qo`yiladi.






