Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan "Yangiobod ixtisoslashgan bozori" MChJning mas`ul xodimlaridan biri tadbirkorlik bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan fuqaroga bozorning xaridorlar gavjum bo`ladigan hududidan savdo do`koni olib berish evaziga 10.000 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 8.500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
O`tgan aprel oyida esa "Farhod dehqon bozori" AJ direktori, uning xavfsizlik bo`yicha o`rinbosari hamda AT "Xalq banki" Uchtepa tuman filialining «Farhod dehqon bozori»ga xizmat ko`rsatuvchi kassiri bilan bog`liq noqonuniy holat aniqlangan edi.
Ya`ni Toshkent shahar hokimining 2021 yil 19 fevraldagi 203-sonli "Elga xizmat" va "Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari" savdo nuqtalaridan bir martalik yig`imlar va ijara to`lovlari olinmasligi haqidagi qaroriga zid ravishda, mahalliy tadbirkorni bozordan chiqarib yuborish bilan qo`rqitib, 2021 yilning oktyabr oyi oxirlaridan 2022 yilning fevral oyiga qadar undan bozorda savdo faoliyati olib borishi evaziga har kuni 66 ming so`mdan pul mablag`i olib kelishgan.
Shuningdek, ular tadbirkordan joriy yilning fevral-mart oylari uchun 3 mln. 400 ming so`m to`lov qilishini talab qilishgan.
DXX Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi va shahar IIBB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda «Xalq banki»ning Uchtepa tuman filiali «Farhod dehqon bozori»ga xizmat ko`rsatuvchi kassiri o`z xizmat xonasida so`ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, uning yonida kunlik tushumdan inkassasiya qilingan 8 mln. 300 ming so`m va inkassasiya qilinmagan 9 mln. 150 ming so`m pul mablag`lari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbir davomida «Farhod dehqon bozori» AJ direktori hamda uning xavfsizlik bo`yicha o`rinbosari ham ushlanib, direktor o`rinbosarining avtomashinasida bo`lgan 24 mln. 967 ming so`m pul mablag`i o`rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






