JSSTning bergan ma`lumotlariga ko`ra, eng ko`p kasallanish ko`rsatkichlari Buyuk Britaniya hissasiga to`g`ri kelmoqda — 207 nafar. Ikkinchi o`rinda 156 nafar bemor bilan Ispaniya, uchinchi o`rinda esa 138 ta holat bilan Portugaliya boryapti.
Shimoliy Amerika, Avstraliya hamda Evropaning boshqa mamlakatlarida ham o`sish dinamikasi kuzatilmoqda.
Vaholanki, JSSTning 26 may kuni e`lon qilingan hisobotida ushbu infeksiya bilan xastalanganlar soni 257 nafardan iborat edi. Bir hafta ichida mavjud ko`rsatkichlar 203 foizga oshgani mutaxassislarda xavotir uyg`otyapti.
Ma`lumki, G`arbiy Afrika davlatlari maymun chechagining tabiiy o`chog`i hisoblanadi. Biroq kasallik aniqlanayotgan bemorlarning aksariyati ushbu qit`ada sayohatda bo`lmagan.
Ya`ni infeksiya endemik bo`lmagan davlatlarda avj olmoqda. Bu holat xastalik biz o`ylagandan avvalroq ushbu mamlakatlarga kirib kelgan, degan taxminlarga sabab bo`lmoqda.
Shunga qaramay, yangi ro`yxatga olingan bemorlar orasida hozircha o`lim holatlari kuzatilgani yo`q. Shu bois JSST hali maymun chechagi global pandemiya uchun asos bo`lmaydi, degan xulosada.






