2022 yil 7 iyun kuni Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda xalqaro davra suhbati bo`lib o`tdi. Ikki mamlakat o`rtasida inson huquqlari ta`limi sohasida o`zaro tajriba almashishga bag`ishlangan ushbu tadbir Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich boshchiligidagi Turkiya Respublikasi delegasiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich davra suhbati ishtirokchilarini qutladilar.
Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti Kengashi a`zosi Xarun Mertoglu “Parij prinsiplari doirasidagi inson huquqlari bo`yicha milliy institutlar” mavzusida ma`ruza qildi. Ma`ruzada inson huquqlari bo`yicha institutlar faoliyati haqida so`z bordi.
O`zbekiston tomonidan - Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o`rinbosari Mirzatilla Tillaboev, Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig`ining o`rinbosari Muzaffar Mamasiddiqov, Toshkent davlat yuridik universiteti dosenti Gavhar Yo`ldosheva davra suhbatida o`z ma`ruzalari bilan ishtirok etdi.
Ma`ruzachilar O`zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi ta`lim milliy dasturi ishlab chiqilayotgani, prokuratura va oliy ta`lim tizimlarida inson huquqlari ta`limi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to`xtaldilar.
Davra suhbati yakunida Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti o`rtasidagi o`zaro anglashuv Memorandumini imzolash marosimi bo`lib o`tdi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Ombudsmanlar, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Bosh prokuratura Akademiyalari, Xalqaro Islom akademiyasi, Sudyalar oliy maktabi, Jamoat xavfsizligi universiteti, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari qatnashdi.