AsosiyJamiyat

Mehnat huquqi: konstitusiyaviy normaga o`zgartirish kiritishga ehtiyoj bormi?

'Mehnat huquqi: konstitusiyaviy normaga o`zgartirish kiritishga ehtiyoj bormi?'ning rasmi

Konstitusiyamizning 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko`rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi belgilangan bo`lib, majburiy mehnat, qonunda ko`rsatilgan hollardan tashqari taqiqlangani mustahkamlangan.

Shu o`rinda savol tug`iladi: mazkur konstitusiyaviy normaga o`zgartirish kiritishga ehtiyoj bormi?

Konstitusiyamizda mehnat qilish erkinligi belgilangani bejiz emas. Sobiq sovet tizimidagi konstitusiyaviy normadan farqli ravishda mehnat qilish majburiyati bekor qilingan. O`zbekistonda 1992 yildan boshlab, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug`ullanadigan shaxslar javobgarlikka tortilmaydigan bo`ldi. Buni ifodalovchi asosiy qoida – bu majburiy mehnatga jalb etish taqiqlanganidadir.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasida majburiy mehnat taqiqlanishi Konstitusiyada belgilanganiga qaramay, unga qarshi kurashish oson bo`lmayapti. Majburiy mehnatga jalb qilish holatlari haliyam uchramoqda. Bunga sabab nima? Afsuski, Konstitusiyaning o`zida majburiy mehnatga oid taqiq boshqa qonunlar bilan cheklanganini ko`rishimiz mumkin. Majburiy mehnat o`zi nima, unga jalb qilishning qonuniy va noqonuniy holatlarini bilish uchun nechta qonunni ko`rib, o`rganib chiqish kerak?

O`zbekiston Konstitusiyasining preambulasida xalqaro normalar ustuvorligi belgilangan bo`lib, O`zbekiston Respublikasi qo`shilgan xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan qoidalarni bajarish majburiyatini olgan. O`zbekiston majburiy mehnatga oid xalqaro hujjatlardan bir emas, bir nechtasiga qo`shilgan. Xalqaro mehnat tashkilotining Majburiy mehnat to`g`risidagi va Majburiy mehnatni tugatish to`g`risidagi konvensiyalari shular jumlasidandir. Bularda majburiy mehnat o`zi nima, u qanday holatlarda majburiy hisoblanishi yoki majburiy xisoblanmasligi aniq belgilangan.

Masalan, Majburiy mehnat to`g`risidagi Konvensiyada “zo`raki yoki majburiy mehnat” atamasi ixtiyoriy ravishda o`z xizmatlarini taklif etmagan har qanday shaxsdan har qanday jazolash tahdidi ostida talab qilinadigan har qanday ish yoki xizmatni anglatadi deyilgan bo`lsa, Majburiy mehnatni tugatish to`g`risidagi konvensiyada majburiy mehnat hisoblanadigan holatlar, shuningdek, majburiy mehnat hisoblanmaydigan holatlar aniq sanab o`tilgan. Umumlashtirgan holda, ular majburiy harbiy xizmat bilan bog`liq, sud hukmi oqibatida, favqulodda holatlarda va jamoaning mayda xizmatlari, ya`ni shu tufayli jamoa a`zolarining odatdagi fuqarolik burchlari deb hisoblanishi mumkin bo`lgan ishlar hisoblanadi. Shularni e`tiborga olgan holda, Konstitusiyaga majburiy mehnat bilan bog`liq aniqlashtiruvchi normalar kiritilishi kelajakda uning to`g`ridan-to`g`ri amal qilish kuchiga ega bo`lishi orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytirish, xalqaro normalarning ustuvorligini ta`minlash va havolaki normalardan xolis bo`lish imkonini yaratadi, eng muhimi, aholi majburiy mehnatga oid aniq tushunchaga ega bo`ladi.

Gulnoza Sattarova, yuridik fanlar nomzodi

    Boshqa yangiliklar