Hukumat qaroriga (304-son, 07.06.2022 y.) muvofiq, Qimmatli qog`ozlar bilan operasiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestasiyadan (qayta attestasiyadan) o`tkazish bo`yicha davlat xizmatlarini ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Reglamentga ko`ra, malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini to`xtatib turish, tugatish va uni bekor qilish bo`yicha davlat xizmatlari DXM va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ko`rsatiladi.
Malaka sertifikati talabgorlarga 5 yil amal qilish muddati bilan beriladi.
Malaka sertifikatining amal qilish muddati tugagan shaxslar 30 kundan kechiktirmasdan majburiy attestasiyadan o`tishi lozim.
Quyidagi shaxslar qimmatli qog`ozlar bozori mutaxassisining malakasi sertifikatini olish uchun attestasiyadan o`tishlari shart:
- qimmatli qog`ozlar bozori professional ishtirokchilarining ijro organi rahbarlari, markaziy depozitariy va uning tuzilmaviy bo`linmalari rahbarlari, fond birjalarning ijro organi va uning tuzilmaviy bo`linmalari rahbarlari va valyuta birjalarining fond bo`limi rahbarlari;
-qimmatli qog`ozlar bilan operasiyalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi, xizmatlar ko`rsatuvchi va (yoki) qimmatli qog`ozlar bozorida ishlarni bajaruvchi qimmatli qog`ozlar bozori professional ishtirokchilarining, markaziy depozitariyning qimmatli qog`ozlar bilan bog`liq operasiyalarni amalga oshiruvchi bo`limlarining, fond birjasining va valyuta birjalari fond bo`limlarining mutaxassislari.
Talabgorlarning tegishli malaka sertifikatini berish to`g`risidagi so`rovnomasini ko`rib chiqish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatilganligi uchun BHMning 1 baravari (300 ming so`m) miqdorida yig`im undiriladi.
YaIDXP orqali murojaat etilganda, mazkur miqdor 270 ming so`mni tashkil etadi.
Reglament talablari qimmatli qog`ozlar bozorining professional ishtirokchilarida, Qimmatli qog`ozlar markaziy depozitariysi, fond birjalari va valyuta birjalarining fond bo`limlarida ishlashga talabgor bo`lgan yoki ishlayotgan hamda oliy ma`lumotga ega jismoniy shaxslarga nisbatan qo`llaniladi.






