Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar N. va F. Buxoro Davlat tibbiyot instituti dekan o`rinbosari R.R. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro M.ning Qozog`iston Respublikasidagi tibbiyot oliygohida o`qiydigan o`g`li R.ning o`qishini Buxoro Davlat tibbiyot institutiga ko`chirib berish evaziga 12 ming AQSh dollarini olishib, o`z ehtiyojlariga ishlatib yuborganliklari aniqlangan. Bu haqda Prokuratura Departamenti ma`lum qildi.
Tekshiruv davomida, R.R. va F.lar fuqaro M.dan olgan 12 ming AQSh dollari evaziga F.ning boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinani Buxoro shahridagi “Shayx” restorani oldida M.ga topshirgan vaqtida ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda, deyiladi xabarda.






