AsosiyJamiyat

O`zbekistonda dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining ishtirok etishi taqiqlanadi

'O`zbekistonda dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining ishtirok etishi taqiqlanadi'ning rasmi

“Reklama to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

 Qonunga ko`ra reklamada, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:

▫️maktabgacha ta`limda hamda tarbiyada, umumiy o`rta, o`rta maxsus va professional ta`limda foydalaniladigan bosma nashrlarda (darsliklarda, maktab kundaliklarida, maktab daftarlarida va boshqalarda) tovarlarni reklama qilish;

▫️narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko`rsatish;

▫️bolalarni ularning sog`lig`iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to`g`risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko`rsatmasdan reklama qilish;

▫️milliy va oilaviy an`analarga, shuningdek axloq va ma`naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo`lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish.

 Qonunga muvofiq, voyaga etmaganlarning ishonchini va tajribasi etishmasligini suiiste`mol qilishdan himoya etish maqsadida reklamada, jumladan, quyidagilar taqiqlanadi:

🔹xavfli vaziyatlarda, shu bilan birga ularning hayoti va (yoki) sog`lig`iga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o`z sog`ligiga zarar etkazishga undovchi vaziyatlarda voyaga etmaganlarni namoyish etishdan foydalanish;

🔹ota-onalar va tarbiyachilarni obro`sizlantirish, voyaga etmaganlarning ularga bo`lgan ishonchiga putur etkazish;

🔹voyaga etmaganlar olishi yoki iste`mol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga etmaganlar uchun mo`ljallangan telekanallarda, teleko`rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish.

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko`rinishi shifokorlarning tashqi ko`rinishiga o`xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi.

Telekanallar efirida, tele-, video-, kinoxronikali dasturlarda tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko`rsatuv vaqtining 1 soati davomida 20 foizdan, biroq bir sutkada ko`rsatuv vaqtining 15 foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab faqat reklama teledasturlariga ixtisoslashtirilgan telekanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 Davomiyligi 10 daqiqadan kam bo`lgan teleko`rsatuvlarni reklama bilan uzib qo`yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo`l qo`yilmaydi.

Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran uch oy o`tgach kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar