Endilikda paxta va don ekin maydonlarida suvni tejaydigan texnologiyalarni qo`llash uchun subsidiyalar ajratiladi. Hukumat qarori bilan Paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sug`orish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda ko`chma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, talabgorlarga 10 gektardan kam bo`lmagan, suvni tejaydigan sug`orish texnologiyalari joriy etilgan paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sug`orish uchun:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalarini sotib olish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 100 mln. so`mdan ortiq bo`lmagan miqdorda;
- ko`chma generatorlar uskunalarini sotib olish xarajatlarining 30 foizigacha, biroq 30 mln. so`mdan ortiq bo`lmagan miqdorda subsidiya beriladi.
Talabgorlar subsidiya ajratish yuzasidan ariza bilan tuman hokimligiga murojaat qiladi.
Shunga ko`ra, hujjatlar murojaat kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kunida o`rganib chiqiladi.
Hududiy ishchi guruh:
- har 10 kunda talabgorga subsidiya ajratish to`g`risidagi xulosalarni tushgan kundan e`tiboran umumlashtirib, tahlil qiladi;
- subsidiya oladigan talabgorlarning ro`yxatini 1 avgustgacha Suv xo`jaligi vazirligiga, 20 noyabrgacha Qishloq xo`jaligi vazirligiga taqdim etadi.
Shunga asosan, vazirliklar tomonidan subsidiyalar tegishlicha 10 avgustgacha hamda 1 dekabrgacha ajratiladi.






