AsosiyJamiyat

O`zbekiston Prezidenti Yaponiya Bosh vaziri bilan telefon orqali muloqot qildi

'O`zbekiston Prezidenti Yaponiya Bosh vaziri bilan telefon orqali muloqot qildi'ning rasmi

9 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.

Ko`p qirrali O`zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada rivojlantirish va kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko`rib chiqildi.

Etakchilar mamlakatlarimiz o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 30 yilligi hamda O`zbekiston bilan Yaponiya o`rtasidagi strategik sheriklikning 20 yilligi bilan bir-birini samimiy qutladilar.

2019 yil dekabr oyida Tokio shahrida o`tgan sammit va oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqib, ularni amaliy mazmun bilan boyitgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O`zaro savdo hajmi ortib bormoqda – joriy yil boshidan tovar ayirboshlash ko`rsatkichlari ikki barobarga oshdi. Yaponiya etakchi kompaniyalarining iqtisodiyotimizga to`g`ridan-to`g`ri investisiyalari ko`paymoqda, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarida ko`plab yangi qo`shma korxonalar tashkil etilmoqda. Energetika quvvatlarini modernizasiya qilish va kengaytirish, sanoatda, shu jumladan mashinasozlik va kimyo tarmoqlarida zamonaviy ishlab chiqarishlarni yaratish, mehmonxonalar infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha birgalikda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizda Yaponiyaning birinchi Raqamli universiteti faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbari Yaponiya Bosh vaziri va Hukumatiga Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Yaponiyaning JICA agentligi va Xalqaro hamkorlik banki – JABIC doirasida ko`rsatilgan moliyaviy va moliyaviy-texnik ko`mak hajmi 7 milliard dollardan oshgani ta`kidlandi.

Bundan tashqari, hukumat delegasiyalarining joriy yilda o`tkazilgan sermahsul uchrashuv va muzokaralarining natijalari yuqori baholandi.

Etakchilar innovasiyalar, «yashil» iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, fan va ta`lim sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari va parlamentlararo muloqotni davom ettirish muhimligini qayd etdilar.

Osaka shahrida o`tkaziladigan «EKSPO-2025» butunjahon ko`rgazmasida O`zbekistonning keng miqyosli ekspozisiyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Muloqot chog`ida xalqaro kun tartibidagi masalalarga ham to`xtalib o`tildi.

Yaponiya Bosh vaziri mamlakat BMT Xavfsizlik kengashiga doimiy a`zo bo`lishi, Koreya yarim orolini yadroviy quroldan xoli hududga aylantirish va o`g`irlangan yapon fuqarolarini qaytarish masalalarida O`zbekiston muttasil qo`llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

O`zbekiston Prezidenti Yaponiya tomonini Kumamoto shahrida Suv sammiti muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan tabrikladi hamda Yaponiya Hukumati rahbari tomonidan keng mintaqamizda barqaror taraqqiyot va ravnaqqa erishish maqsadida ilgari surilgan Osiyoda amaliy hamkorlikning ustuvor yo`nalishlarini qo`llab-quvvatlashini bildirdi.

Bosh vazir Fumio Kisida, o`z navbatida, O`zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qo`shnichilik va keng ko`lamli sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini hamda Afg`onistonda bardavom tinchlik va iqtisodiy tiklanishni ta`minlashga ko`rsatayotgan ko`magini yuksak baholadi.

«Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti doirasida o`zaro manfaatli hamkorlikning butun salohiyatini ishga solishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.

Suhbat yakunida Prezident Shavkat Mirziyoev Bosh vazir Fumio Kisidani mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.

O`zbekiston va Yaponiya etakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, do`stona va ishchan ruhda o`tdi.

    Boshqa yangiliklar