Endilikda kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma`lumotga ega bo`lmagan xotin-qizlar davlat OTMga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilinadi. Bu haqda Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomda so`z boradi, deya ma`lum qilinadi "Huquqiy axborot"da.
Ta`kidlanishicha, bunda o`qishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerakligi aytiladi:
- o`rta maxsus yoki professional ta`lim bo`yicha mutaxassislikka ega bo`lishi;
- tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta`lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
- o`rta maxsus yoki professional ta`lim mutaxassisligi bo`yicha 5 yillik mehnat stajiga ega bo`lishi.
Ma`lumot uchun, tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi.
Uni olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha ro`yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo`limlariga har yili 1 maydan 1 iyungacha ariza bilan murojaat qilishlari kerak bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, ariza va hujjatlar 7 iyungacha ko`rib chiqiladi. Shunga ko`ra, ishchi guruh xulosasi 10 iyungacha Qo`mitaga taqdim qilinadi.
"Hujjatlar Qo`mita tomonidan 14 iyungacha ko`rib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki uni rad etish to`g`risida buyruq chiqariladi. Ishchi guruh har yili 15 iyungacha tavsiyanoma talabgorlarga etkazilishini ta`minlaydi. Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat OTMning bakalavriatiga o`qishga qabul qilish bo`yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o`tkaziladi. Kirish imtihonlari yakuniga ko`ra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq to`plash mumkin bo`lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo`lmagan ballni to`plagan tavsiyanomaga ega xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat`iy rioya etilgan holda to`lov-kontrakt asosida o`qishga tavsiya etiladi",-deyiladi ma`lumotda.






