Oxirgi ikki uch kunda ijtimoiy tarmoqlarda shakar narxi bilan bog`liq turli videolar tarqalib, muhokamalarga sabab bo`lmoqda. AOKAda bugun 10 iyun kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi boshqarma boshlig`i Ulug`bek Davlatov shakar narxiga oid savolga javob berdi.
"Haqiqatan bugungi kunda shakar mahsulotiga bo`lgan talab kuchayib, har xil ajiotaj holatlar kelib chiqyapti, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinyapti.
Hozirgi paytda kuniga 2 ming tonna shakar birja savdolariga qo`yilmoqda. 1-9 iyun kunlari 14 ming tonna shakar birjaga qo`yilgan bo`lsa, hammasi yuz foiz sotildi. Birjaga 8 ming 900 so`mdan chiqarilgan bo`lsa, narxlar 13 ming so`mgacha ko`tarildi.
Mamlakatimizda shakar ishlab chiqaruvchi ikkita zavod mavjud bo`lib, monopolist korxonalar reestriga kiritilgan. Ular belgilaydigan narxlar qo`mita tomonidan nazorat qilib boriladi. Boshlang`ich narxlar va unga ta`sir etuvchi omillar ham doimiy ravishda o`rganiladi.
Bugungi kunda jahonda bo`layotgan geosiyosiy vaziyat sabab logistika xizmatlari narxlari keskin oshib ketdi. O`zbekistonga shakar xom ashyosi Braziliyadan olib kelinadi. Kema va temir yo`l xizmatlari, boshqa davlatlardagi xarajatlar keskin ko`tarilishi natijasida bizda shakar narxlari 8-10 foizga yuqoriladi. Yil boshida birjaga 8 ming 200 so`mdan qo`yilgan bo`lsa, hozirda 8 ming 900 so`mdan chiqarilyapti.
Hozir mavsumiy tebranish davri, ya`ni yoz paytida shakarga nisbatan talab keskin oshadi. Shu bois birja savdolarida ham narxlar ko`tarilib ketyapti. Narxlarni ushlab turish va barqarorlashtirish maqsadida birjadagi bir savdo sessiyalariga qo`yiladigan maksimal me`yor ham belgilab berilgan.
Bundan tashqari, iste`molchilarga ko`proq shakar etkazib berish maqsadida boshqa tadbirkorlik sub`ektlari, ya`ni yaxna ichimlik ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga imtiyozlar berish bo`yicha takliflar ishlab chiqqanmiz. Aniqrog`i, bu kabi korxonalarda ham yoz mavsumida shakarga talab kuchayadi, ishlab chiqarish hajmi ko`payadi. Ular ham shakarni birja orqali xarid qilgani tufayli narxlar oshib ketmoqda. Shu talabni qisqartirish maqsadida hukumatga taklif kiritganmiz.
Taklifda yaxna ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonalar o`z ehtiyoji uchun shakar import qilishda belgilangan bojxona to`lovlariga imtiyozlar berish masalasini ko`rib chiqish qayd etilgan. Bizning taklif hukumat tomonidan ko`rib chiqilmoqda. Agar bu ma`qullansa, aholining shakarga bo`lgan ehtiyoji ko`proq qoplanadi va narxlar barqarorlashadi.
Shuningdek, hozirgi paytda shakar narxlarining sun`iy oshirish holatlari ham kuzatilmoqda. Bu bo`yicha Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda chora-tadbirlar o`tkazilyapti», — deydi Ulug`bek Davlatov.