Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlarining sa`y-harakati bilan diniy ekstremistik oqimlar ta`siriga tushib qolgan yoshlarning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo`yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Qo`qon shahrida yashovchi, 2001 yilda tug`ilgan M.O. o`zining “Samsung Galaxy A31" telefoni orqali Telegram' messenjerida akkaunt ochib, O`zbekiston Respublikasi davlat tuzumini konstitusiyaga xilof tarzda o`zgartirishga qaratilgan, aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan hamda “O`zbekiston islom harakati” terroristik tashkilotiga tegishli bo`lgan diniy materiallarni yaqin aloqalariga tarqatib kelgan.
Shuningdek, Farg`ona shahrida yashovchi, 2000 yilda tug`ilgan Q.B. esa Instagram' ijtimoiy tarmog`idagi o`z profiliga aqidaparastlik g`oyalarini targ`ib qiluvchi videolar, ma`ruzalar va jihod qilish haqidagi ovozli matnlarni joylab, o`zining virtual obunachilariga targ`ib qilib kelgan.
Ta`kidlash lozimki, ikkala holat yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita bergan xulosalarga ko`ra, ushbu shaxslardan olingan materiallarni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
Endilikda ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi, deyilgan xabarda.






