Samarqandda 25 yoshli yigit qalbaki guvohnoma yasab olib, o`zini ichki ishlar xodimi deb tanishtirib yurgan. Bu haqda Samarqand viloyat IIB YHXB xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha,ushbu shaxs joriy yilning 2 iyun kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida joylashgan “Omonqo`ton” yo`l patrul xizmati maskanida qo`lga olingan.
Qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olingan ma`lumotlarga asosan tezkor tadbir o`tkazilgan. Tadbir davomida Kobalt rusumli avtomashina to`xtatilganida, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida yashovchi shaxs IIO xizmat kiyimida tushgan fotosurati mavjud bo`lgan soxta xizmat guvohnomasini YPX insektorlariga taqdim etgan vaqtida ushlangan. Shundan so`ng uning xizmat guvohnomasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.






