Jurnalistlar davrasida «Paxtakor» stadionida O`zbekiston-Iroq futbol terma jamoalari o`yini vaqtida «Sevimli» telekanali «Zamon» dasturi jurnalistlarining faoliyatiga to`sqinlik qilinib, operator T.Ibrohimovga nisbatan tan jarohatlari etkazilganligi haqida ma`lumotlar tarqalmoqda. Bu bo`yicha IIV izoh berdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 11 iyun kuni "Paxtakor" stadionida O`zbekiston-Iroq futbol terma jamoalari o`yini jarayonida jamoat tartibini saqlashga biriktirilgan Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan soat 21.00 dan keyin stadionda bo`sh joylar qolmaganligi sababli fuqarolarning stadionga kirishi to`xtatilgan.
Shu vaqtda Alisher Navoiy ko`chasi tarafdan stadionga kirish uchun tashkil etilgan tashqi nazorat perimetrda ayrim fuqarolar norozilik bildirib, stadionga kirishga harakat qilib, janjal uyushtirishgan.
Xodimlar tomonidan kelib chiqishi mumkin bo`lgan bezorilik harakatlari zudlik bilan bartaraf etilib, bir nechta fuqarolar tuman IIBga olib borilgan.
Aniqlanishicha, fuqarolar orasida "Sevimli" telekanali "Zamon" dasturining vakillari ham bo`lgan hamda fuqarolar o`rtasidagi mushtlashuv jarayonida telekanal operatori T.Ibrohimovga tan jarohatlari etkazilgan. Natijada operatorning texnik ashyolari zarar ko`rgan. Keyinchalik unga vaqtida tibbiy yordam ko`rsatilib, kasalxonaga etkazilgan.
Shu kuni boshqa fuqarolardan tan jarohati olganligi bo`yicha ma`lumotlar kelib tushmagan.
Hozirda holat yuzasidan tekshiruv tayinlanib, jamoat tartibini buzgan fuqarolarni aniqlash bo`yicha ishlar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.






