AsosiyJamiyat

“Sevimli” telekanali jurnalistlari kaltaklangani haqidagi xabardan so`ng Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va IIVga so`rov yuborildi — AOKA

'“Sevimli” telekanali jurnalistlari kaltaklangani haqidagi xabardan so`ng Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va IIVga so`rov yuborildi — AOKA'ning rasmi

Sal avval Toshkent shahridagi «Paxtakor» stadionida futbol bo`yicha U-23 Osiyo kubogi chorak finali doirasida O`zbekiston – Iroq o`yinini yoritishga borgan «Sevimli» telekanali muxbiri va tasvirchisiga Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani, kamerasi tortib olingani haqidagi xabarlar ga nisbatan IIV munosabati berilgan edi.  

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining ma`lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan Agentlik o`z vakolati doirasida Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi hamda Milliy gvardiyasiga so`rov yubordi. 

"Agentlik ayni paytda davom etayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini sinchkovlik bilan kuzatib boradi. Ishonamizki, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya amaldagi qonunchilik normalarini chetlab o`tgan xodimlarining xatti-harakatlariga munosib baho beradi hamda tegishli chora ko`radi. O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi esa ushbu masalani o`z nazoratiga olishini so`rab qolamiz", - deyiladi rasmiy munosabatda. 

Qayd etilishicha, Agentlik OAV vakillari faoliyatiga to`sqinlik qilish, noqonuniy yo`llar bilan daxl qilish, shaxsini obro`sizlantirishga bo`lgan har qanday urinishlarni keskin qoralaydi.

Ma`lumot uchun, mamlakatimiz qonunchiligida jurnalistlar huquqlari, axborot olish erkinligiga oid masalalar qator normalar bilan mustahkamlab qo`yilgan. Xususan, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida»gi qonunning 8-moddasiga ko`ra, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog`ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Mazkur qonunning 10-moddasiga ko`ra, davlat jurnalistga axborotni erkin olishini va tarqatishini kafolatlashi, o`z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta`minlashi lozim, 14-moddada esa jurnalistning ushbu qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog`lig`i va mol-mulkiga tahdid, zo`ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo`lishi belgilangan.

Shuningdek, «Ommaviy axborot vositalari to`g`risida»gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g`ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g`ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to`sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

"Ta`kidlash joizki, OAV vakillarining kasbiy faoliyati davomida tazyiq ko`rsatish, to`sqinlik qilish kabi holatlar so`z va matbuot erkinligini ta`minlash borasidagi davlat siyosatiga zid bo`lib, Agentlik, o`z navbatida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo`lishga chaqiradi", - deya qo`shimcha qilingan munosabat so`nggida. 

    Boshqa yangiliklar