Andijon viloyati Asaka tumanida fuqarolarning biri maymunchechakka chalingani haqida xabarlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Ma`lum bo`lishicha, Kujgan mahallasida yashovchi 1973 yilda tug`ilgan Yu.X. 12 iyun kuni RShTYoIM Andijon filiali Toksikologiya bo`limiga badaniga toshmalar toshish, tana harorati ko`tarilishi, bezovtalik, nafas bo`g`ilishi, o`ta holsizlik shikoyati bilan yotqizilgan.
Anamnezida bemor yuqori nafas yo`llari yallig`lanishi va bo`yin limfa tugunlari kattalashishi tashxisi bilan 3 kun uyida kelini tomonidan davolangan. Bu davrda bemor turli dori vositalarini qabul qilgan. 2 kun davomida badanida asta-sekin toshmalar paydo bo`lib, og`iz ichiga ham toshmalar toshgan. Asaka tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo`limida bir kun davomida davolanib, ijobiy o`zgarish sezilarli darajada bo`lmagach, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yuborilgan. Ko`rsatilgan muolajalar natijasida umumiy holatida yaxshilanish kuzatilib, oddiy palatada davolanish davom ettirilmoqda. Bemorga dori moddalarga allergik reaksiya (Sindrom Layella) tashxisi qo`yilgan.
Tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar esa yolg`on hisoblanadi.






