Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida o`qishga kiritish bilan bog`liq firibgarliklar fosh etildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan prokuratura va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro O.T. fuqarolar F. va M.ni tanishlari yordamida Qarshi davlat universitetining “Tarix” va “Boshlang`ich ta`lim” fakultetlariga o`qishga kiritib qo`yish evaziga jami 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Sariosiyo tuman bo`limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Sariosiyo tuman Pedagogika kolleji direktori o`rinbosari Sh.Q. fuqaro N.ni 5 mln so`m evaziga ushbu kollejga o`qishga kiritib qo`yishga yordam berishni va`da qilib, shundan 100 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






