Respublika qon quyish markazida 14 iyun — Butunjahon donorlar kuni munosabati bilan tadbir bo`lib o`tdi.
Unda Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari E.Basitxanova, vazirlik mutasaddilari, sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari rahbarlari, shifokorlar hamda donorlar ishtirok etdi. Co`nggi yillarda yurtimizda bemorlarni xavfsiz qon komponentlari bilan ta`minlash hamda qon quyish stansiyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Xususan, Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar “Qon preparatlari” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi hamda 13 ta qon quyish bo`limida sifatli qon va uning tarkibiy qismlarini yig`ish va xavfsizligini ta`minlash bo`yicha ilg`or uslublar amaliyotga tatbiq etilyapti.
Qolaversa, pandemiya sharoitida og`ir bemorlar hayotini asrash, tibbiyot muassasalarini sifatli qon komponentlari bilan ta`minlash maqsadida mamlakatimizda beg`araz donorlik aksiyalari muntazam o`tkazib kelinmoqda. Natijada o`tgan 2021 yil yurtimizda 113 tonna sifatli qon komponentlari tayyorlandi.
— So`nggi yillarda O`zbekistonda gemotologiya, onkologiya, kardiologiya va transplantologiya yo`nalishlari bo`yicha murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarining o`tkazilishi sifatli qon komponentlariga bo`lgan ehtiyojning yanada ortishiga sabab bo`lmoqda, — deydi E. Basitxanova. — Bu esa o`z-o`zidan aholi orasida beg`araz donorlik harakatini rivojlantirish va uni keng targ`ib etishni taqozo etadi. Eng asosiysi, tibbiyot xodimlari bu yo`lda barchaga namuna, faol va tashabbuskor bo`lishi lozim.
Sir emas, yurtimizda o`z qonini kamida qirq marta yoki uning tarkibiy qismlaridan bir qismini kamida oltmish marta bepul topshirgan fuqarolar an`anaviy tarzda “O`zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko`krak nishoni bilan mukofotlanadi.
E`tiborlisi, bu yil ham mamlakatimizning barcha hududlarida beg`araz donorlik harakatini rivojlantirishda faol ishtirok etib kelayotgan 23 nafar ana shunday yurtdoshimiz mazkur mukofot bilan taqdirlandi.
Xususan, bo`lib o`tgan tadbirda Sog`liqni saqlash vaziri buyrug`i bilan 5 nafar faol donorga “O`zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko`krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, Butunjahon donorlar kuni munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida faol donorlarni rag`batlantirishga bag`ishlangan bayram tadbirlari ko`tarinki ruhda o`tkazildi, deya xabar bermoqda Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.