Toshkentda Isuzu avtobusi engil mashina bilan to`qnashuv sodir etmaslik uchun simyog`ochga borib urildi, deb xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat”.
Ma`lum qilinishicha, 15 iyun kuni soat 07:55 larda 7-Avtobus saroyi filiali haydovchisi 31 yoshli M.A. Isuzu rusumli avtobusni 56-yo`nalishda Bunyodkor shoh ko`chasi bo`ylab yo`lovchilarsiz boshqarib borayotib, Xalqlar do`stligi saroyi qarshisida piyodalar o`tish joyiga yaqinlashayotganida, o`ng tomonidan engil avtomobil keskin siqib o`tgan. Natijada, haydovchi o`zidan oldinda to`xtab turgan avtomobil bilan to`qnashuv sodir etmaslik uchun avtobusni chap tomonga burgan va yo`l chetidagi temir simyog`ochga borib urilgan. Hodisa natijasida jarohat olganlar yo`q.
Hozirda mazkur yo`l-transport hodisasi Toshkent shahar Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hamda “Toshshahartransxizmat” AJning Yo`lovchi transportida harakat xavfsizligini nazorat etish bo`limi tomonidan xizmat surishtiruvi o`tkazilmoqda.






