Hozirda respublika bo`yicha 57 ta professional ta`lim muassasasida Germaniya tajribasi asosida ish joyida o`qitishning dual ta`lim shakli yo`lga qo`yilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida aholini kasb-hunarga o`qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan tashkil etilgan videoselektor yig`ilishida ma`lum qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Maktabgacha ta`lim tizimida bu o`z natijasini bergani ta`kidlandi – pedagogika kolleji o`quvchilari 2 kun nazariy bilimlarni kollejda oladi, qolgan 4 kun esa bog`chalarda amaliyot o`taydi va ishlab, oylik oladi.
Viloyat hokimlari Oliy ta`lim vazirligi bilan birgalikda ushbu ijobiy tajribani kasb-hunar maktablari va texnikumlarda yo`lga qo`yish topshirildi.
Endilikda:
- dual ta`limni joriy etish uchun kasb-hunar maktablarining bo`sh maydonlarida korxonalarning ishlab chiqarish sexlari tashkil etiladi. Bunda, o`quvchilar ushbu korxonada ishlab, oylik oladi;
- korxonadagi ustozlarga asosiy ish haqidan tashqari, Bandlikka ko`maklashish jamg`armasidan qo`shimcha ustama to`lanadi.
Oliy ta`lim vazirligiga ayrim ta`lim yo`nalishlarini oliygohdan texnikumga berish lozimligi ko`rsatib o`tildi.
Misol uchun, Iqtisodiyot universitetida turizm menejmenti, reklama ishi, mehnat muhofazasi, Transport universiteti va Andijon mashinasozlik institutidagi avtomobil servisi yo`nalishlarini texnikumlarga o`tkazish bo`yicha etarli baza mavjud. Bunday kasblar o`nlab topiladi.
Shu bois, texnikumlari mavjud 62 ta oliygoh rektorlariga:
- oliygohlarda o`qitilayotgan kamida 60 ta yo`nalishni texnikumlarga o`tkazish;
- texnikumlarni o`tkaziladigan ta`lim yo`nalishlari bo`yicha o`quv dasturlari va darsliklar bilan ta`minlash;
- texnikumlarda o`zining kafedralari filiallari va o`quv laboratoriyalarini tashkil etish topshirildi.
Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab ilmiy darajasi bor texnikum o`qituvchilarining ish haqi oliygoh o`qituvchilarinikiga tenglashtiriladi.






