Ijtimoiy tarmoqlarda Sog`liqni saqlash vazirligi binosi oldida transplantasiya amaliyoti o`tkazilgan bir guruh fuqarolarning to`plangani aks etgan videolavha tarqaldi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, bemorlar operasiyadan so`ng muntazam qabul qiladigan dori vositalari etkazib berilishida uzilishlar bo`layotgani, borlari ham dorixonlarda qimmat narxda sotilayotgani bois bu masala yuzasidan o`z e`tirozlarini bildirgan.
Sog`liqni saqlash vaziri B.Musaev darhol ushbu fuqarolar bilan uchrashib, ularning murojaatlarini tingladi.
Ma`lumki, hozirgi kunda yurtimizda buyrak va jigar ko`chirib o`tkazilgan 1500 nafardan ortiq bemor ro`yxatda bo`lib, ularga kerakli dori vositalarining o`z vaqtida etkazib berilishi qat`iy nazoratga olingan va etarli darajada dori zaxiralari shakllantirilgan.
Biroq ayrim toifadagi bemorlarga tavsiya etilgan preparatlarning bir qismi xorijdagi nufuzli farmasevtika kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilishi bois bunday preparatlarni yurtimizga olib kelishda vaqtinchalik qiyinchiliklar kuzatilmoqda.
Uchrashuv davomida vazir mazkur muammoni zudlik bilan ijobiy hal etish yuzasidan mas`ullarga shoshilinch ko`rsatmalar berdi.
Xususan, ushbu masalaga tezkor echim topish maqsadida vazirlikda maxsus shtab tashkil etilib, uning tarkibiga tegishli mutaxassislar, jumladan, vazirlik bosh nefrologi, nefrologiya markazi shifokorlari, farmakologlar, iqtisodchilar kiritildi.
Shtab tomonidan bemorlarga zarur dori vositalarining o`z vaqtida etkazib berilishini ta`minlash bo`yicha muddat masalalarini hal etish, dori xaridlari yuzasidan farmasevtika kompaniyalari bilan muloqot qilish va bu orqali muammolarga samarali echim topish choralari ko`riladi.
Shuningdek, uchrashuvda bemorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida hududlarda immunologik tahlillarni topshirishga mo`ljallangan maxsus laboratoriyalar tashkil etilishi va biokimyoviy analizatorlar o`rnatilishi masalasi ham ijobiy echim topishi ta`kidlandi.
Bundan tashqari, 1500 nafardan ortiq bemorga qanday dori preparatlari qancha miqdorda zarurligi bo`yicha ro`yxat shakllantirilishi, ularni xarid qilishning qisqa va uzoq muddatli mexanizmi yaratilishi belgilandi.






