Endilikda davlat oliygohlari magistraturasiga kirishda mutaxassislik fanidan imtihon bo`lmaydi. Bu haqda O`zbekiston Prezidentining “Davlat oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to`g`risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga ko`ra, davlat oliy ta`lim muassasalari magistraturasiga qabul abiturientning bakalavriat diplom bali o`rtacha ko`rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo`yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat`iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi hamda qo`shimcha imtihon o`tkazilmaydi.
Shuningdek, davlat oliy ta`lim muassasalari magistraturasiga qabul bir yilda ikki marta – avgust va yanvar oylarida tashkil etiladi.
Bunda:
• avgust oyidagi qabul – navbatdagi o`quv yili uchun tasdiqlangan davlat granti va to`lov-kontrakt asosidagi hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta`lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlangan to`lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq;
• yanvar oyidagi qabul – dastlabki qabul natijalariga ko`ra to`lmagan o`rinlar hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan qo`shimcha to`lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlariga muvofiq amalga oshiriladi;
Davlat OTMlari magistraturasiga qo`shimcha qabul parametrlari asosida o`qishga qabul qilingan abiturientlarning to`lov-kontrakt summasi bir talabaga to`g`ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliy ta`lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilaydi.
Quyidagilar davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi:
• 2021/22 o`quv yilida davlat OTMlari magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to`lov-kontrakt asosida o`qiyotgan xotin-qizlarning 2022/2023 o`quv yili uchun to`lov-kontrakt miqdori;
• 2022/23 o`quv yilidan boshlab, davlat OTMlari magistraturasiga ajratilgan qabul kvotalari doirasida bazaviy to`lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning to`lov-kontrakt miqdori.






