Avval xabar qilganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashdi. Davlat rahbarining Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvida Konstitusiyamizda fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo`llanilgan qonunning Asosiy qonunimizga mosligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko`rib chiqishni Konstitusiyaviy sudning vakolatida aks ettirish yuzasidan bildirgan taklifiga yuridik fanlar doktori, professor Sherzod Zulfiqorov o`z munosabatini bildirdi.
— Fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarini Konstitusiya darajasida ko`rib chiqish kafolatlanganmi?
—Buni nihoyatda siyosiy hamda huquqiy nuqtai nazardan o`z vaqtida ko`tarilgan masala, deb baholash mumkin. Konstitusiyamizning 44- moddasida beglilanganidek, har bir shaxsga o`z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g`ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
“O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi to`g`risida”gi konstitusiyaviy qonunning 27-moddasiga ko`ra, agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitusiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo`lsa, O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasigamuvofiq kelmasa hamda sudda ko`rilishi tugallangan muayyan ishda qo`llanilgan bo`lsa va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib bo`lingan bo`lsa, ular qonunning Konstitusiyagamuvofiqligini tekshirish to`g`risidagi shikoyat bilan Konstitusiyaviy sudga murojaat etishga haqliligi belgilab qo`yilgan.
Bu nima degani? Endilikda bordi-yu fuqaro yoki tadbirkorga tegishli biron-bir ish sudda ko`rilayotgan bo`lsa va sud biron-bir qonunga asoslanib qaror qabul qilsa-yu, aslida o`sha amaldagi qonunning o`zi yoki uning qaysidir normasi Konstitusiyaga zid bo`lsa, fuqaro Konstitusiyaviy sudga ushbu nomuvofiqlikni bartaraf etishni so`rab murojaat qilishga haqli bo`ladi. Oddiy qilib aytsak, qonun amalda bo`lsa ham, lekin Konstitusiyaga zidligi aniqlansa, sud unga asoslanib, qaror chiqarmasligi lozim. Konstitusiyaviy sud esa bunday murojaatni darhol ko`rib chiqadi, Konstitusiyaga nomuvofiq bo`lsa, uni bekor qilishi kerak bo`ladi.
— Xorijiy mamlakatlar tajribasida bu haqda nima deyiladi?
—Ushbu takliflar bilan fuqarolarimiz va yuridik shaxslarga juda muhim huquq berilmoqda. Ya`ni fuqarolar yoki yuridik shaxslarning Konstitusiyaviy sudga shikoyat qilish huquqi mustahkamlanmoqda. Misol uchun, Polshada bir cherkovning binosini Polsha Oliy sudi fuqarodan davlatga o`tkazish bo`yicha qaror qabul qilgan. Buning natijasida fuqaro Polsha Konstitusiyaviy sudiga murojaat qilgan hamda Konstitusiyaviy sud Oliy sudning qarorini bekor qilib, fuqaroning Konstitusiyada belgilangan mulkiy huquqini tiklab bergan. Demak, xulosa chiqarish mumkinki, Polshada Konstitusiyaviy sud konstitusiya normalarining amalda ijrosini ta`minlab beruvchi Oliy sud organi hisoblanadi.
Xorjiy mamlakatlarda, xususan, Belgiya, Vengriya, Janubiy Koreya va boshqa ko`pgina davlatlar konstitusiyalarida ham fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini Konstitusiyaviy sudga murojaat qilish orqali himoya qilish huquqlari mustahkalab qo`yilgan. Xalqaro hujjatlarga e`tibor qaratsak, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 8- moddasiga asosan, har bir inson unga konstitusiya yoki qonun orqali berilgan asosiy huquqlari buzilgan hollarda nufuzli milliy sudlar tomonidan bu huquqlarning samarali tiklanishi huquqiga egaligi belgilab qo`yilgan.
Yoki bo`lmasa, “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to`g`risida”gi xalqaro paktda ushbu Paktda tan olingan huquqlari va erkinliklari buzilgan har qanday shaxsni, agar bu buzilish rasmiy sifatda harakat qilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan bo`lsa ham, huquqiy himoyaning samarali vositasi bilan ta`minlash; ana shunday himoya talab qiluvchi har qanday shaxs uchun yuridik himoya vakolatli sud, ma`muriy yoki qonun chiqaruvchi hokimiyatlar tomonidan yoki davlatning huquqiy tizimida nazarda tutilgan boshqa vakolatli organlar tomonidan ta`minlashi va sud orqali himoyalanishi imkoniyatini rivojlantirishni o`z zimmasiga oladi, deb belgilab qo`yilgan.
Xulosa o`rnida aytish mumkinki, fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitusiyaviy huquqlari va erkinliklarini himoyalash — domiy tarzda Konstitusiviy sudning eng asosiy vazifasi bo`lib qolishi lozim. O`ylaymizki, mazkur o`zgartirishlar yakunda o`zining amaliy samarasini beradi.






