1

2 iyul — O`zbekiston Respublikasi davlat Gerbi qabul qilingan kun

Jamiyat 02.07.2022, 00:01
2 iyul — O`zbekiston Respublikasi davlat Gerbi qabul qilingan kun

«Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari». Bu ulug`vor g`oya bugun yangi O`zbekistonning, har bir vatandoshimizning istiqbolga qaratilgan azmu qaroriga aylandi. Inson ulug` g`oya va da`vatlardan kuch oladi, ularga qarab qaddini rostlaydi, ularga mos ravishda o`ktam qadam tashlashga intiladi. Tiklanishsiz yuksalish bo`lmaganiday, buyuk niyat va maqsadsiz kuchli harakat, nurafshon kelajak bo`lmaydi. Ana shu ma`noda Davlat ramzlari bugun xalqimizga hayot sinovlarini mardona engib o`tishda, har kun, har lahza g`urur va matonat bilan milliy yuksalish qadam tashlashda betimsol qudrat va bunyodkorlik baxsh etmoqda.

Davlat gerbi bundan 30 yil oldin O`zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi «O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to`g`risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan. O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi ko`rinishga ega: tog`lar, daryolar va so`l tomoni bug`doy boshoqlaridan, o`ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g`o`za shoxlaridan iborat chambarga o`ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo`lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston» deb yozib qo`yilgan.

O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko`rinishida: Humo qushi va daryolar — kumush rangida; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi — oltin rangida; g`o`za shoxlari va barglari, tog`lar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar — oq rangida tasvirlangan.

Davlat ramzlari bizni yurtimiz tinchligi, vatanimiz ravnaqi yo`lida birlashtirib, mamlakatimiz mustaqilligini hamisha ko`z qorachig`iday asrashga, buyuk ajdodlarga munosib voris bo`lishga, yuksak ishonch va qat`iyat bilan kelajakka qadam tashlashga da`vat etib turibdi. Davlat ramzlari – bayroq, gerb, madhiyamizda buyuk o`tmish va yuksak madaniyatga ega bo`lgan xalqimizning shon-sharafi, g`ururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va kelajak sari intilishlari mujassamdir. Mana shu ramzlarni e`zozlash orqali biz o`z qadr-qimmatini, o`z mamlakatimiz istiqboli, demakki, o`zimizga bo`lgan ishonchimizni mustahkamlaymiz.

O`zini mana shu jannatmakon yurt va tabarruk zamin fuqarosi, olijanob va bag`rikeng xalqning munosib farzandi deb bilgan, o`z mamlakati, mehmondo`st xalqi bilan cheksiz faxrlangan har bir inson gerbimizni, shu singari boshqa bebaho ijtimoiy-siyosiy qadriyatlarimiz bo`lgan davlat ramzlarimizni Vatanimiz kabi aziz va muqaddas deb e`tirof etishi, e`zozlashi ham farz, ham qarzdir.

Har bir fuqaro O`zbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishi shart.O`zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga hurmatsizlik O`zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda jazolanadi. O`z mamlakati bilan faxrlanadigan inson hamisha millatga saodat baxsh etadigan ulug` ishlarga qodir bo`ladi. Ana shu ma`noda 2 iyul -O`zbekiston Respublikasi davlat Gerbi qabul qilingan kun katta bayram qilinishga arzirli kundir.

Dilafruz Umarova,

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi

Milliy markazi xodimi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1