Suriyadagi jangarilar guruhiga qo`shilishni rejalashtirgan namanganlik ayol ikkinchi marta qo`lga olindi

Jinoyat 02.07.2022, 08:50
Suriyadagi jangarilar guruhiga qo`shilishni rejalashtirgan namanganlik ayol ikkinchi marta qo`lga olindi

IIV matbuot kotibi Suriyadagi jangarilar guruhiga qo`shilishni rejalashtirgan yana bir ayol haqida xabar qildi.

Ma`lum qilinishicha, 1977 yilda Namangan viloyatida tug`ilgan fuqaro E.M. 2019-2021 yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida bo`lib, “Sodiq Samarqandiy”ning madrasalarida ta`lim oladi.

Natijada, u ekstremistik va terrorchilik tashkilotlar g`oyalari ta`siriga tushib, Suriyaga borish va u erdagi jangarilardan biriga turmushga chiqishni rejalashtiradi. Shu maqsadda, fuqaro E.M. 2021 yilning mart oyida Turkiyadan doimiy yashash manziliga qaytib kelib, 3 nafar farzandini o`zi bilan birga olib, “Qirg`iziston-Turkiya-Suriya” yo`nalishida harakatlanayotgan vaqtida chegara hududida to`xtatilgan hamda doimiy yashash manziliga qaytarilgan edi.

Olib borilgan tushuntirish ishlariga qaramay, fuqaro E.M. o`zining Suriyadagi jangarilar safiga qo`shilish maqsadidan voz kechmagan hamda u erdagi hamfikrlari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali yozishmalarni davom ettirib kelgan.

Shuningdek u internet tarmog`ida bir qator guruhlar tashkil qilib, guruh a`zolari orasida aqidaparastlik va ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgan hamda Suriyadagi jangarilarga moddiy yordam berishga targ`ib qilgan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan fuqaro E.M.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Fuqaro E.M. jinoiy maqsadiga erishish yo`lida farzandini ham qurbon qilishga tayyor bo`lib, o`zining balog`at yoshidagi qizi E.X.ni shu yilning mart oyida Turkiyaga jo`natib, u erdagi ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari rahnamolarining qo`liga ta`lim olishi uchun topshirgan.

"Hurmatli fuqarolar, ogoh bo`ling! Ijtimoiy tarmoqlar orqali yoki xorijiy davlatlarda dinni o`rgatish bahonasida ekstremistik va terrorchilik tashkilotlariga zimdan ko`maklashayotgan shaxslarning qo`liga o`z yaqinlaringizni topshirib qo`ymang!" - deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1