Samarqandda 31 yoshli ayol uyining mehmonxonasida kiyim ilgichga ro`mol bilan o`zini osib, joniga qasd qildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, voqea joriy yilning 27 iyun kuni taxminan 04:30 da Toyloq tumani “Bog`izag`on” mahallasi Samarqand ko`chasida sodir bo`lgan.
Joniga qasd qilgan ayol G.I. Toyloq tumani Bog`izag`on mahallasida yashovchi 1989 yilda tug`ilgan X.O. bilan 2019 yil yanvar oyida qonuniy nikohdan o`tib, birga yashab kelgan. Turmushlari davomida ular 2 nafar farzand ko`rishgan.
O`lim sababini aniqlash maqsadida G.I.ning murdasi sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvidan o`tkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toyloq tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o`rnatilgan.
Shuningdek, holat yuzasidan tegishli idoralarga ham xizmat tekshiruvlari tayinlangan.