Jurnalist Pavel Sheremet bugun Kievda avtomobil portlashi tufayli halok bo`ldi, deb xabar berdi “Gazeta.ru” nashri.
Avtomobil Kievning Bogdan Xmelniskiy va Ivan Franko ko`chalari kesishmasidagi burchakda, erta tongda Sheremet boshlovchilik qiladigan “Radio Vesti”ni efirga uzatish uchun ketayotganda portlab ketdi.
Avtomashina “Ukrainskaya pravda” rahbari Alyona Pritulga tegishli bo`lgan. Uning o`zi mashina salonida bo`lmagan. Voqea joyida polisiya xodimlari ishlamoqda.
Sheremet — Rossiya, Ukraina va Belorussiya telejurnalisti bo`lgan. Rossiyaning ORT, birinchi telekanalidagi maxsus axborot loyihalari bo`limini boshqargan. Oxirgi yillarda Kievda yashab, “Ukrainskaya pravda” nashri va “Vesti” radiosida ishlagan.
Ukraina polisiyasi Sheremetning halok bo`lgani yuzasidan “Qasddan odam o`ldirish” moddasi bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atdi.