AsosiyJamiyat

Dunyoga oshiqqan go`dak yoxud noodatiy vaziyat

'Dunyoga oshiqqan go`dak yoxud noodatiy vaziyat'ning rasmi

Ayni damda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar qilgan bu noodatiy voqea Qibray tumanining Chinobod ko`chasidan avtomashinaga chiqqan homilador ayol bilan yuz bergan. Unda kutilmaganda to`lg`oq boshlanadi. Kelinga hamrox bo`lgan qaynonasi uzoqdan tibbiyot muassasasi binosiga ko`zi tushib, taksi haydovchisiga o`sha erga olib borishini aytadi. 

Poytaxtdagi Ulug`bek shaharchasi 1-son poliklinikasi hududiga “Matiz” rusumli avtomashinada olib kelingan homilador ayolga zudlik bilan tibbiy yordam ko`rsatishga kirishilgan. 

"Bu vaziyatda har bir soniya hisobli edi.Tug`uruq jarayoni esa allaqachon boshlangan. Shoshilish zarur! Aslida oilaviy poliklinika go`dakni dunyoga keltirish uchun mo`ljallanmagan bo`lsa-da, ayolni shundoqqina ro`paradagi ushbu muassasa binosiga olib o`tishga ham fursat etmadi.

Poliklinika mudirasi Hilola Jamilova (suratda) o`ta tezkorlik bilan butun mas`uliyatni zimmasiga olib, avtomobilning o`zida ayolga doyalik qilishga kirishdi",-deydi vazirlik.

Mutaxassisligi akusher-ginekolog bo`lgan mudira va uning jamoasi sa`y-harakati va qat`iyati sababli tug`uruq muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Shundan so`ng ona va bola sog`lom holda poliklinikaga eng yaqin hisoblangan Qibray tumani tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi tug`uruq kompleksiga mutaxassis hamrohligida olib borilgan.  

Hozir ona-bolaning ahvoli yaxshi ekani, ularning salomatligi tug`uruq kompleksi shifokorlari nazorati ostidaligi aytilmoqda.

Dilbar Abdunabieva.

    Boshqa yangiliklar