Afg`onistonning ikki viloyatida bir sutkada 40 ga yaqin odam vabodan vafot etdi. Bu haqda «Khamaa Press»ga tayanib, «Sputnik» xabar berdi.
Xavfli kasallik mamlakat janubida joylashgan Hilmand va Zobul viloyatlarida qayd etilgan. Oxirgi 24 soat ichida bu erda 120 dan ortiq odam vabo bilan kasallangan. Xastalikdan vafot etganlar orasida kamida 15 nafar bola ham bor. Kasallanganlarning aksariyati Bagran, Sivari va Daychopan tumanlari aholisidir.
Holat yuzasidan har ikki viloyatga ko`chma tibbiy brigada jo`natilgan. Ayrim fuqarolar sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilmagan holda davolanayotgani sababli vabo o`limga olib kelmoqda. Afg`oniston Sog`liqni saqlash vazirligi Qandahor viloyatida ham bir nechta infeksiya holatlarini qayd etgan.
Ma`lumot uchun, vabo — Vibrio cholerae mikroorganizmi keltirib chiqaradigan o`tkir infeksiya. Kasallik diareya bilan kechadi, bu suvsizlanish va qon tomirlari etishmovchiligini keltirib chiqaradi. Ko`pincha infeksiya ifloslangan suv yoki dengiz mahsulotlari orqali yuqadi.






