Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Sirdaryo viloyati IIB va DXXB hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbir natijasida, Mirzaobod tumanida yashovchi, 1998-2004 yillar orasida tug`ilgan 4 nafar fuqarolar Internet tarmoqlari orqali jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish bilan bog`liq jinoyatni sodir etganliklari aniqlandi.
Jumladan, 2002 yilda tug`ilgan «M.A.» boshchiligidagi ushbu ekstremistik guruhga 1998 yilda tug`ilgan «M.B.», «I.A» hamda 2004 yilda tug`ilgan «R.M»lar a`zo bo`lishib, zo`ravonlik va shafqatsizlikni targ`ib etuvchi materiallarni Internetning “Telegram” messenjeri orqali tarqatib kelganlar.
Ushbu shaxslar muqaddam bir mahallada istiqomat qilgan va hozirda Suriya hududidagi «Tavhid va jihod katibasi» terrorchilik tashkiloti safiga borib qo`shilgan 1994 yilda tug`ilgan «I.A.» va 1987 yilda tug`ilgan «A.N.»lar bilan Internet orqali aloqa bog`lab, ularning ta`sirida ekstremistik mazmundagi audio-video materiallarni yaqin tanishlari orasida tarqatish va targ`ib qilish bilan shug`ullanib kelganlar.
To`plangan materiallar asosida mazkur shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2441-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






