«Jihodchilar» oqimi g`oyalarini targ`ib qilgan shaxslar faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish doirasida tezkor tadbirlar o`tkazildi.
Xususan, Kitob tumanida yashovchi, 1998 y.t. Q.T. 2020-2021 yillar davomida Rossiya Federasiyasida ishlashi davrida ijtimoiy tarmoqlar orqali “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi a`zolari ta`siriga tushib, ularni qo`llab-quvvatlaydi. Doimiy yashash manziliga qaytib kelganidan keyin esa o`z atrofidagilarga ushbu oqim g`oyalarini targ`ib qilish bilan shug`ullanadi.
Shuningdek, u internet orqali Suriyadagi jangarilar bilan aloqa o`rnatib, ularning yo`l-yo`riqlari hamda qo`rsatmalari asosida “RF-Turkiya” yo`nalishi orqali ularning safiga borib qo`shilishni rejalashtirganligi aniqlandi va oldi olindi.
Hozirda Q.T.ga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida, uning aloqalarini aniqlash bo`yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qarshi tumanida yashovchi, 1985 y.t. R.S. 2021 yilda Saudiya Arabistonida ishlashi davrida “Jihodchilar” DEO a`zolari ta`siriga tushgan hamda ular bilan aloqa o`rnatib, oqim g`oyalarini qo`llab-quvvatlagan.
Yashash manziliga qaytganidan keyin ham o`z yaqinlari orasida hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali DEO g`oyalari targ`iboti bilan shug`ullangan.
Hozirda R.S.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 2441 -moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, insonparvarlik tamoyili asosida “tilxat” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Qarshi shahrida yashovchi, 1993 y.t. J.M. ijtimoiy tarmoqlar orqali “Jihodchilar” DEO a`zolari ta`siriga tushib, “Telegram” messenjerida guruh va kanal tashkil qilgan hamda ular orqali ekstremistik g`oyalarni targ`ib qilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Qarshi shahar sudi hukmiga ko`ra, yolg`iz onaligi va 9 oylik farzandi borligi hisobga olinib, unga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.






