2022 yil 1 avgustdan O`zbekiston qonunchiligida ayrim o`zgarishlar ro`y beradi. Quyida ularning elektron xizmatlarga bog`liq qismlarini eslatib o`tamiz:
Mobil-ID tizimi joriy etiladi
Prezident farmoniga ko`ra, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikasiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo`shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikasiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi.
Unga muvofiq:
- Mobil-ID tizimi "Elektron hukumat" tizimi foydalanuvchilarini identifikasiyalash bo`yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikasiyalashni nazarda tutadi;
- shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikasiyalash fuqaroning xohishiga ko`ra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud YaIDXP mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha hujjatlar faqat YaIDXP orqali qabul qilinadi
Hukumat qaroriga asosan 2022 yil 1 avgustdan boshlab o`quv guruhlarini ro`yxatga olish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlar faqat YaIDXP orqali taqdim etiladi. Bunda tadbirkorlik sub`ektlarining o`quv kurslarini tugatgan haydovchilikka nomzodlardan imtihon qabul qilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish bundan mustasno.
Maishiy texnika mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash boshlanadi
Hukumat qaroriga binoan 2022 yil 1 avgustdan boshlab maishiy gaz plitasi, oshxona dudburoni, duxovka va pechka, mikroto`lqinli pech, dazmol, suv isitkich kabi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash boshlanadi.
Kinoteatrlar maxsus axborot tizimiga ulanishi talab etiladi
2022 yil 1 avgustdan boshlab filmlarga nisbatan mualliflik huquqini himoya qilish va sotilgan har bir chiptaga doir haqqoniy ma`lumot bilan tezkor ta`minlovchi respublikada faoliyat yuritayotgan kinoteatrlar faoliyatini avtomatlashtirishga qaratilgan axborot tizimiga ulanmagan holda kinoteatr (kinozal)larda filmlar namoyish etish chakana savdo qilish qoidalarini buzish sifatida baholanadi.
Nogironligi bo`lgan shaxslarni hisobga olishning elektron tizimi joriy etiladi
Toshkent shahrida nogironligi bo`lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va ko`rikdan o`tkazishning yangi «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimi joriy etiladi.
Bunda, fuqarolarga nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan (tibbiy yo`llanma, kasallik tarixi va ambulator kartadan ko`chirmalar va boshqa) ma`lumotlar axborot tizimiga elektron tarzda kiritilishi ta`minlanadi. 2023 yil 1 yanvardan boshlab axborot tizimi respublikaning boshqa barcha hududlarida to`liq joriy etiladi.
«Elektron surishtiruv va dastlabki tergov» yagona axborot tizimi ishga tushadi
Prezident qaroriga asosan surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyatini raqamlashtirish hamda ishni sudga qadar yuritish masalalari bo`yicha «Elektron surishtiruv va dastlabki tergov» yagona axborot tizimi to`liq versiyada ishga tushadi.
Davlat organlari va tashkilotlarida Ochiqlik indeksi joriy etiladi
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo`lgan xo`jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida ochiqlik bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etiladi.






