“O`qish davrimda onam meni deb hech qachon maoshini qo`liga olmagan”. Rishtonlik Dostonbek Siddiqov qanday qilib Vetnamda “Yil o`qituvchisi” bo`lgani haqida

Jamiyat 27.10.2022, 10:44
Teglar: Foto, Rishton, Vetnam, Dostonbek Siddiqov
“O`qish davrimda onam meni deb hech qachon maoshini qo`liga olmagan”. Rishtonlik Dostonbek Siddiqov qanday qilib Vetnamda “Yil o`qituvchisi” bo`lgani haqida

Yaqinda Facebook ijtimoiy tarmog`ida rishtonlik yigitning Vetnamda yil o`qituvchisi bo`lgani haqida xushxabar tarqaldi. Tabiiyki, vatandoshimizni nafaqat tanigan, balki shaxsan tanimagan yuzlab odamlar tabriklashdi, havas qilishdi, faxrlanishdi. 

Vetnam davlatida “Yil o`qituvchisi” bo`lgan, Rossiya, Xitoy, Malayziya, Tailand, Laos, Kambodja davlatlarida dars bergan, 12 ta tilni mukammal biladigan poliglot o`qituvchi Dostonbek Siddiqov bilan yaqindan tanishdik, muvaffaqiyat sirlari bilan o`rtoqlashdik. 

“UCh YoShIMDA LISEY DOSKASIDA YoZGANMAN”

Qahramonimiz 1990 yilda Farg`ona viloyati Rishton tumanida o`qituvchilar oilasida tug`ilgan. Oilada ikki singilga aka bo`lgan Dostonbek esini taniganidan buyon ota-onasi uyga har kuni gazeta yoki kitoblar bilan kirib kelishini eslaydi. 

— Buvim, ota-onam ta`lim sohasida uzoq yillar ishlashgan va shuning uchun ham bizning ta`lim olishimizda ularning o`rinlari beqiyos. Dadam esimni tanishimdan oldin o`qish, yozishni o`rgatgan ekanlar. 3 yoshimda buvim direktorlik qilgan liseyga borib, doskaga “Salimjon domla” (rahmatli) deb yozib hammani hayron qoldirgan ekanman.

“O`QIShGA TOPShIRGANIMDA OMADIM KELMAGAN, AMMO...”

— Maktab, liseyni tamomlab o`qishga topshirdim, lekin omadim kelmadi. O`zimda boshqacha rejalar bor edi, lekin ota-onam qistovi bilan yana urinib ko`rdim. (Jonlari omon bo`lsin) Xullas, uzun hikoya qisqacha qilinganda, Farg`ona Davlat universitetining ingliz tili yo`nalishini 2014 yilda tamomladim. Oson bo`lmagan... Onam kutubxonachi edilar, hech qachon qo`liga oylik olmagan. Oylik to`g`ridan-to`g`ri kontraktim uchun ketardi. Buvim, ota-onam birgalikda biz, 3 farzandni oliy ma`lumotli qilishdi. O`qib yurgan paytimda tillarga qiziqish uyg`ondi. Hech qachon dadam, “nemis yoki fransuz tilini o`rganmoqchiman” deganimda yo`q demagan, doim qo`llab-quvvatlashgan. Buvim esa uyda general: ishlar qolib ketsa ketsin, repetitoring­ga bor, darsingga bor… Xullas, yordamlari beqiyos bo`lgan. Oilam­ga yordam qilish maqsadida 1-kursligimdan ishlashni boshlaganman, tumanimizdagi bir nechta maktablarda 0.25 stavkada dars berib yurdim. Hozir 12 yillik tajribaga egaman. Universitetni tamomlab, tumandagi Akademik liseyga ishga kirdim.

Xorijga nima sababdan ketgansiz?

— Ba`zi bir sabablarga ko`ra, Rossiyaga borishni xohladim, Moskvada o`quv markazlarida ishladim va ingliz tilini bosh­qa millat vakillariga o`qitish xobbimga aylandi. Shu bilan sayohat qilishni boshlab yubordim. Sayo­hat qilish va boshqa xalqlarning o`quvchilarini o`qitib tajriba yig`ish maqsadida Xitoy, Malayziya, Tailand, Laos, Kambodja davlatlarini ko`rdim, o`rgandim, biroz ishladim va oxiri Vetnamda to`xtadim.

“ASOSIY MAQSADIM INGLIZLAR OLDIDA UYaLIB QOLMASLIK EDI”

Vetnamda “Yil o`qituvchisi” bo`ldingiz. Buning uchun qanday bosqichlarni bosib o`tdingiz? 

— Daraxt bir joyda ko`karadi de­yishganidek, 3 yillik mehnat samarasini endi ko`ra boshladim. 2019 yilda  “Yil yangiligi” mukofotini ham olgandim, lekin “Yil o`qituvchisi” sifatida e`tirof etilishim men uchun fantastika edi. Tinimsiz izlandim, yangiliklar qilishga harakat qildim, asosiy maqsadim, haqiqiy inglizlar oldida uyalib qolmaslik edi. Darslarda yangicha, noan`anaviy usullardan foydalanishga harakat qildim. Doimo takliflar berib turdim. O`quvchilar uchun videolar tayyorladim.

“ELLIKKA YaQIN O`QUVChIM IELTS`DAN YuQORI BALL OLDI”

— RES (Reliable English School) Vetnamdagi IELTS o`qitadigan juda katta maktab. British council, IDP singari xalqaro tashkilotlar bilan doimiy hamkorlikda ish olib boradi. Maktab tashkil etilganiga 18 yilcha bo`ldi va hozirda 40 dan ortiq maktablar Vetnamning turli shaharlarida faoliyat yuritadi. Har o`quv yili oxirida bazm uyushtiriladi va “Yilning eng yaxshi o`qituvchisi”, “Yil yangiligi”, “Yil filiali” singari taqdimotlar qilinadi. 500 dan ortiq xorijiiy o`qituvchilar va 700 nafar vetnamlik o`qituvchi-murabbiylar ichidan yil davomida ishiga, o`quvchilardan olingan feedback (o`qituvchi haqida o`quvchilar fikri)larga qarab 10 nafar xorijiy, 10 nafar vetnamlik o`qituvchi tanlanadi. Yil davomida 6 nafar o`quvchim IELTS 8 va undan yuqori, 40 nafardan ko`pi 6,5-7 ball olib, hozirda Kanada, Buyuk Britaniya­da o`qishni davom ettirishyapti. Menimcha yuqoridagi yutuqlarim hisobga olingan holda, menga ham ushbu mukofot nasib etdi.

“OXIRGI 4-5 YIL O`ZBEKISTONLIK O`QITUVChILARGA OMADLI KELDI”

O`zbekistondagi ­ta`lim bilan xorijdagi ta`limning farqi nimada?

— Agar 3 yil oldin shu savolni berganingizda, katta roman yozib bergan bo`lardim. Hozir O`zbekis­tonda yashamasam ham, ta`limdagi islohotlarni doimo kuzatib boraman. Ayniqsa oxirgi 4-5 yillik o`zbekistonlik o`qituvchilarga omadli keldi, deb ayta olaman. Albatta, xorijdan farq qiladigan jihatlarimiz mavjud. Misol uchun, men ishlaydigan maktabda “feedback” bor, ya`ni siz haqingizda o`quvchilar fikr bildirishadi. Pozitiv fikrlar berilsa, ko`proq darslar beriladi, agar yomon fikr olsangiz sizni tezgina boshqa o`qituvchiga almashtirishadi. Bu tizim o`qituvchini tinmay o`z ustida ishlashga majbur etadi. Bizda esa o`zbekchilik: qo`shnim, amakimning o`rtog`i degan bahonalar bilan o`quvchiga yoqmasa ham davom etaveramiz. Hozirgi bolalarga darsliklar kamlik qiladi, yangiliklar talab qilishmoqda.

Respublikamizdagi ta`lim tizimiga muhim besh taklif bering!

1. O`qituvchiga ko`proq erkinlik va kerak bo`lgan barcha imkoniyatlarni yaratib berish (o`z ustida ishlash uchun);

2. Avvalo ta`lim sifatiga e`tibor;

3. Nafaqat o`quvchilar, balki “muzlab” qolgan o`qituvchilar bilan ishlash, “qolip”dan chiqarish;

4.  Maktablarda imtihonlarni isloh etish. Hech kim imtihonlardan qo`rqmay qo`ygan.

5. O`qituvchi, murabbiylarning mehnatini munosib rag`batlantirish.

Bugungi yoshlarning kam­chi­lik­lari nimada? O`zbekistonlik yoshlarga nima maslahat berasiz?

— Nafaqat O`zbekistonda, balki butun dunyoda, xususan Vetnamda ham yoshlar vaqtini behudaga sarflashadi. Turli videoo`yinlar, ijtimoiy tarmoqlar vaqt o`g`rilaridir. Ulardan me`yorida va to`g`ri yo`lda foydalanish, albatta, boshqa gap. VAQT qanchalik qimmatli ekanini tushunib etishadi, albatta. Biroq kech bo`ladi. O`zingizga yoqqan sohani tanlang, birov majburlab olib kirib qo`ygan sohada natija ko`rsata olmaysiz, degan bo`lardim.

“IELTS ENDI QIYIN EMAS” KITOBI ChOP ETILADI

Hozir nimalar bilan bandsiz? Yangi rejalaringiz qanday?

— Ayni paytda, irlandiyalik do`stim, Hanoi, IDPda IELTS imtihon oluvchi Ian Ellis bilan soddalashtirilgan IELTS kitobi ustida ishlayapmiz. Yangi yilda kitob “IELTS endi qiyin emas” nomi ostida O`zbekistonda chop etiladi. Shuningdek, Yangi yildan yana vatanga yangiliklar, ya`ni tajribalar bilan qaytish niyatidaman.

Farida EGAMBERDIEVA suhbatlashdi

Sharhlar

Vayron bo`lgan uylar, jarohat olgan odamlar va ularga yordam berayotgan xodimlar… Sergelida otgan mash`um tong (fotojamlanma)

29.09.2023, 00:10

Bugun, 28 sentyabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani "Quruvchilar" dahasida joylashgan omborxonalarning birida kuchli chaqnash oqibatida yong`in sodir bo`lgani haqida xabar bergan...
Birinchi qor og`ushidagi Toshkent (fotoreportaj)

05.12.2022, 20:26

"O`zgidromet" bashorat qilganidek, O`zbekistonga qish 1 dekabrdan kirib keldi. Dam olish kunlari respublikada havo harorati keskin tushib, Nukusda -17 darajani, kuni kecha Navoiy viloyatida esa...
Farg`onada IIB xodimi mashina boshqaruvini yo`qotib qarama-qarshi yo`ldagi “Damas”ga borib urildi

30.11.2022, 21:01

Rishton tumanida IIB xodimi ishtirokida YTH sodir bo`ldi. Bu haqda Farg`ona viloyati IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. Ma`lum qilinishicha, 28 noyabr kuni soat 09:30 larda Farg`ona...
Afsonaviy Qiz minorasi, eng mitti kitoblar muzeyi, mashhur “Brilliant qo`l” filmi... Bokuning Icheri Sheheri sayyohlarni nimasi bilan o`ziga jalb etmoqda? (fotosayohat)

21.06.2022, 23:03

Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Ozarbayjon davlat turizm agentligi hamkorligida tashkil etilgan info-tur munosabati bilan bir guruh o`zbekistonlik jurnalistlar Ozarbayjonning madaniyati,...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1