O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrdagi "Qishloq xo`jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida"gi Qarori ijrosi yuzasidan 2021 yilda Sho`rchi tumanidagi klasterga qarashli 1376 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy qilish vazifasi mahalliy ta`minotchi korxona zimmasiga yuklatilgan. Bu haqda DXX Matbuot xizmati darakchi.uzga ma`lumot berdi.
O`z navbatida ta`minotchi korxona 142,7 gektardagi paxta maydoniga tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy qilgan va unga ketgan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish bo`yicha Sho`rchi tumani ishchi komissiyasi tomonidan xulosa tuzilib, Amu-Curxon irrigasiya tizimlari havza boshqarmasiga taqdim etilgan.
Amu-surxon irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi mansabdor shaxslari esa amalda 142,7 gektar maydonga tomchilatib sug`orish texnologiyasi joriy qilingan bo`lsada, unga yana qo`shimcha ravishda 993 gektarda tomchilatib sug`orish texnologiyasining qurilish-montaj ishlari to`liq yakunlanib, ishga tushirilganligi haqida soxta hujjatlar tuzib, davlat byudjetidan klasterga 6 mlrd. 747 mln. 400 ming so`m miqdoridagi subsidiya mablag`lari ajratilishiga erishgan.
Hozirda DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Amu-Curxon irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Bunday holat Qumqo`rg`on tumanida ham aniqlanib, mahalliy klasterga qarashli 2000 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy qilish ko`zda tutilgan va bu ham aynan yuqorida tilga olingan ta`minotchi korxonaga yuklatilgan.
Qumqo`rg`on tumani irrigasiya bo`limi boshlig`i va boshqa manfaatdor shaxslar o`zaro til biriktirib, 2021 yilda 1143 gektar maydonga tomchilatib sug`orish texnologiyasi joriy qilinmagan bo`lsada, shuncha maydonga tomchilatib sug`orish texnologiyasining qurilish-montaj ishlari to`liq yakunlanib, ishga tushirilganligi haqida soxta xulosalar tuzish orqali klasterga 7 mlrd. 772 mln. 400 ming so`m miqdoridagi subsidiya mablag`lari ajratilishiga erishgan.
Hozirda DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Qumqo`rg`on tumani irrigasiya bo`limi boshlig`i va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.