AsosiyJinoyat

Toshkentda 15 000 dollar evaziga 8 sotix er olib berishni va`da qilgan shaxsga sud hukmi o`qildi

'Toshkentda 15 000 dollar evaziga 8 sotix er olib berishni va`da qilgan shaxsga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Jinoyat ishlari bo`yicha Yangihayot tuman sudining ochiq sud majlisida, Baxrom Tashpulatov raisligida firibgarlik va hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyatini sodir qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko`rib chiqilib, unga hukm o`qildi.

Ma`lum bo`lishicha, mazkur shaxsga avval jinoyat ishlari bo`yicha Yangihayot tuman sudining 2021 yilgi hukmiga ko`ra, yuqorida qayd etilgan jinoyatlarni sodir qilgani uchun 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo`yicha Sirg`ali tuman sudining 2022 yildagi ajrimi bilan 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi shu muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan. 

Biroq sudlanuvchi o`zganing mol-mulkini aldash va ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida, takroran, 2017 yil iyun oylarida Yangihayot (sobiq Sirg`ali) tumani, Choshtepa ko`chasida bo`la turib, tanishiga Yangihayot (sobiq Sirg`ali) tumani hududidan 0.8 sotix er maydonini sotib olib berishni va`da qiladi. Ushbu er maydoni uchun oldindan 15 000 AQSh dollarini olib, bergan va`dasini bajarmasdan, pul mablag`larini o`zining ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Sudlanuvchi o`zining jinoiy xatti-harakatlarini davom ettiradi. 0.8 sotix er maydoni sotib, buning ortidan moddiy manfaat ko`rish maqsadida, er maydoniga egalik huquqini beruvchi “Arxitekturno-planirovochnoe zadanie”, “vpiska iz resheniya”, “AKT”, “Plan”, va “arxiv ma`lumotnomasi” hujjatlarini qalbakilashtirib, tanishiga taqdim etgan.

Yangihayot tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi ekspert-kriminalistika bo`limining sudga oid texnik ekspertiza xulosasiga ko`ra, “Arxitekturno-planirovochnoe zadanie”, “vpiska iz resheniya”, “AKT”, “Plan”, va “arxiv ma`lumotnomasi” hujjatlaridagi rekvizitlar, bosma yozuvlar, dumaloq shakldagi pechat va imzo printerda tayyorlanganligi aniqlangan. 

Jabrlanuvchi esa quyidagilarni bayon qiladi...

“Toshkent shahar hokimiyati vakillari aldanib qolganimni aytishdi”

— Tanishimga hech qanday guvohlarsiz 5 000 AQSh dollari sanab berganman. U menga tez va oson bo`lishi uchun erni yoshi kattaroq shaxsning nomiga rasmiylashtirishni aytdi. O`z nomimda bo`lgan “Mercedes” rusumli avtomashinamni sotib, etmaganiga o`zimdan pul qo`shdim. Yana 10 000 AQSh dollari va onamning fuqarolik pasporti bilan birga olib borib berdim. Surishtirganimda, u er maydoni Toshkent shahar hokimiyatiga qarashli ekani ma`lum bo`ldi. Shundagina tanishim aldanganini bilib, unga qo`ng`iroq qildim. Javob bermagach, uyiga bordim. Menga boshqa joydan er qilib berishni va`da qildi. Bir necha kunlar o`tib, undan “er nima bo`ldi?” deb so`raganimda, “aka, bergan pulingizni eb ketmayman”, deya sabr qilishimni so`radi. So`ng Toshkent shahar hokimiyatiga borib, tanishim bergan hujjatlarni ko`rsatdim. Hokimiyat vakillari aldanib qolganimni aytishdi. Tanishimdan pullarimni qaytarishni so`radim. Shu orada uning onasi, bir necha kun o`tib esa otasi vafot etdi. Uni holatini tushungan holda vaqt berdim. Shu tariqa turli bahonalar qilib, pulni bermadi.  Huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qildim. Hozirda menga etkazilgan va ayblovda ko`rsatilgan 59 378 400 so`m qoplangan. Sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da`voim yo`q. Qolgan moddiy zararni undirib berishni so`rayman.

Sudlanuvchi esa qilmishidan pushaymon ekanini aytadi.

"Haqiqatdan ham jabrlanuvchini yaqindan taniyman. 2017 yilning iyunida uning uy-joy so`rab surishtirib yurganligini eshitdim. U bilan uchrashib, unga er uchastkasi borligini, xohlasa 8 sotix er maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berishimni, evaziga 15 000 AQSh dollari berishini aytdim. Shunda sotiladigan er maydoni qaerda joylashganligini so`radi. Yangihayot tumani Choshtepa MFYning qir bag`rida joylashganligini bildirdim. “Erni ko`rishim kerak”, degani bois oradan 2 kun o`tib, tanishimni Choshtepada joylashgan qirning orqasiga olib bordim. Unga er maydoni ma`qul keldi va o`sha erning o`zida 5 000 AQSh dollari berdi. Qolgan 10 000 AQSh dollarini bir oydan so`ng berishini ma`lum qildi. Rozi bo`ldim va oradan 20-25 kun o`tib, tanishim menga onasining pasportini berib, hujjatlarni onasining nomiga rasmiylashtirishni aytdi. Qolgan 10 000 AQSh dollari ham berdi. Er maydonini onasining nomiga hujjatlarni rasmiylashtirib berdim. Olgan 10 000 AQSh dollarini o`z ehtiyojlarim uchun ishlatdim. Hozirda qilmishlarimdan pushaymonman, - deya aybiga iqror bo`lgan sudlanuvchi sud majlisida suddan qaramog`ida to`rt nafar voyaga etmagan farzandlari borligini, oilada yagona boquvchi ekanini bildirib, unga nisbatan qamoq bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlashni so`ragan. 

Sud hukmiga ko`ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismining “b” bandi va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

JKning 59 va 61-moddalari tartibida unga tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini 3 kunini 1 kun ozodlikni cheklash jazosiga o`zgartirib, qisman qo`shish yo`li bilan o`tash uchun 3 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. JKning 59-moddasining 8-qismi tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo`yicha Yangihayot tuman sudining 2021 yildagi hukmi bilan tayinlangan, sudning 2022 yildagi ajrimi bilan JKning 48-1moddasiga asosan almashtirilgan 3 yil ozodlikni cheklash jazosidan qisman qo`shib, o`tash uchun uzil-kesil 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ma`lum qilinishicha, jabrlanuvchining foydasiga 15 000 AQSh dollari hukm e`lon qilingan sanadagi O`zbekiston so`miga nisbatan bo`lgan qiymatda, ya`ni 162 706 200 so`m undirilishi belgilandi. Jabrlanuvchiga ayblovda ko`rsatilgan 59 378 400 so`m miqdoridagi moddiy zarar qoplanganligi inobatga olingan holda sudlanuvchidan jabrlanuvchining foydasiga 103 327 800 so`m moddiy zarar undirilishi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar